Xabaringiz bor “Parij-2024” yozgi Olimpiya o‘yinlari dasturidan o‘rin olgan futbol bellashuvlari uchun saralash davri o‘z yakuniga yetmoqda. Bugungi kunga kelib, Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan jamoalar soni 12 tani tashkil etmoqda.

Hozirda yana 4 ta terma jamoa uchun litsenziya mavjud. Aniqrog‘i, erkaklar o‘rtasidagi kvalifikatsiya musobaqasi 15 aprel – 3 may kunlari Qatarda o‘tadigan U23 Osiyo kubogidan so‘ng deyarli yakunlanadi.

Mazkur musobaqa reglamentiga ko‘ra, unda birinchi, ikkinchi va uchinchi o‘rinni egallagan jamoalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri “Parij-2024” yo‘llanmasiga ega chiqadi. To‘rtinchi o‘rin egasi esa Afrika qit’asidagi musobaqada 4-o‘rinni egallagan jamoa bilan so‘nggi yo‘llanma uchun kurash olib boradi, deya xabar bermoqda O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati.

Ma’lumot uchun, hozirda Fransiya, AQSH, Dominikan Respublikasi, Ispaniya, Isroil, Ukraina, Marokash, Misr, Mali, Yangi Zelandiya, Paragvay va Argentina terma jamoalari Olimpiya o‘yinlariga yo‘l olgan.

Eslatib o‘tamiz, Angliya, Shimoliy Irlandiya, Shotlandiya va Uels sportchilari Olimpiya o‘yinlarida Buyuk Britaniya bayrog‘i ostida ishtirok etadi. Ammo, Birlashgan Qirollik FIFAning rasmiy a’zosi bo‘lmagani uchun Angliyaning chempionligi litsenzion turnirda o‘ynalgan yo‘llanmalarga ta’sir qilmagan.

Darvoqe, yana bir muhim xabar O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi Qatarda o‘tadigan Osiyo kubogida Malayziya, Vetnam va Quvayt bilan “D” guruhidan o‘rin olgan.

Ushbu guruhni vakillarimiz birinchi o‘rin bilan yakunlasa, chorak finalda “S” guruhining ikkinchi o‘rin egasi bilan kuch sinashadi. Ikkinchi bo‘lib guruhdan chiqishsa, “S” guruhi g‘olibi bilan yarim final yo‘llanmasi uchun kurashni davom ettiradi. “S” guruhida esa Saudiya Arabistoni, Iroq, Tailand va Tojikiston kabi terma jamoalar o‘rin olgan.

Olimpiya terma jamoamiz Osiyo kubogidagi ilk o‘yinini 17 aprel kuni Malayziya termasiga qarshi o‘tkazadi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA