Norvegiya razvedka xizmati vakili Rossiya Ukraina bilan ziddiyatda Eron, Xitoy, Shimoliy Koreya va Belarus tomonidan yetkazib berilgan ko‘p sonli qo‘shin va yordam tufayli ustunlikka erishayotgani haqida gapirdi.
Ta’kidlanishicha, Kiyev vaziyatni o‘zgartirish uchun G‘arbning keng ko‘lamli harbiy yordamiga muhtoj.
Kiyevlik tadqiqotchilarning ilk tahliliga ko‘ra, Rossiya o‘tgan hafta Ukraina poytaxtini giper tovushli Zirkon raketasi bilan urgan, bu qurol ilk bor qo‘llangan. RF ma’lumotida Zirkon 1000 km masofani bosib o‘ta oladi, tovushdan to‘qqiz barobar tez harakatlanadi. Rossiya bir kechada uchirgan 17 drondan 14 tasi va bitta “Kx-59” qanotli raketasi Ukraina harbiy-havo kuchlari tomonidan yo‘q qilingan. Ko‘plab binolar qatori Dnepr shahrining markaziy qismi vayron bo‘lgan.
Kreml bosib olingan hududlarda Ilon Maskning “Starlink” sun’iy yo‘ldoshidan harbiy aloqada foydalanilayotgani haqidagi da’voni rad etdi. Prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov ta’kidlashicha, tizim na Rossiyada foydalanish uchun sertifikatlangan, na mamlakatga rasman yetkazib berilgan.
Siyosat va diplomatiya
Ukrainani qayta tiklash ishlari boshlanishi arafasida Yevropa Ittifoqi Rossiya Markaziy bankining muzlatilgan aktividan olingan foydaga teginmaslik tshg‘risida qonun qabul qildi. RF MBning 300 milliard yevro (323 milliard dollar) miqdoridagi aktivi muzlatib qo‘yilgan.
Rossiyalik Kristina Puziryova AQSH sudida Ukrainaga qarshi harbiy maqsadda foydalanish uchun uchuvchisiz samolyot va raketa qismlarini Rossiyaga jo‘natish bo‘yicha ko‘p million dollarlik kelishuvda ishtirok etganlik uchun pul yuvishda ayblandi, deb xabar bergan AQSH Adliya vazirligi. Unga 20 yillik qamoq jazosi berilishi mumkin.
Rossiya Buyuk Britaniyaning 18 nafar rasmiylar va tarixchilarga sanksiya kiritdi. Fransiyaning onlayn tahdidga qarshi kurashuvchi “Viginum” agentligi Yevropa va AQSHda Rossiya manfaatini targ‘ib qiladigan tarmoqlarni aniqlagan. Shuningdek, Moskva sudi “Meta” kompaniyasi matbuot kotibini terrorizmga aloqador hisoblab sudgacha ikki oy hibsda ushlab turishini e’lon qildi. Ukraina bilan ziddiyatning dastlabki kunlarida kompaniyaning Feycbuk va Instagram tarmog‘i Rossiyada taqiqlab qo‘yilgan.
Qurollanish
Ukraina raqamlashtirish vaziri Mixail Fedorov “Reuters” axborot agentligiga Ukraina 2024 yil Rossiyaga kuchli zarba bera oladigan minglab uzoq masofaga uchuvchisiz samolyot, Moskva va Sankt-Peterburgga yetib borish imkoniga ega 10 ga yaqin kompaniya dron ishlab chiqarayotganini aytdi.
Moldova hukumati Ukraina bilan chegaraga yaqin janubiy Etuliya shahri yaqinida Rossiya tomonidan uchirilgan Shahid dronining bir qismida topilgan 50 kiloga yaqin portlovchi modda yo‘q qilinganini ma’lum qildi.
Sardor Poyonov, O‘zA