O‘tgan hafta Janubiy Karolina shtatida bo‘lib o‘tgan mitingda Tramp NATO a’zolari tomonidan mablag‘ yig‘ilishini “huquqbuzarlik” deb atagan. Shuningdek, sobiq rahbar, lozim bo‘lsa, Rossiyani xohlagan ishini qilishga unday olishini aytgan. Bunga javoban Bayden “Sobiq Prezident dunyoga xavfli va hayratlanarli, ochig‘ini aytganda, Amerikaga zid signal yubordi”, degan. Amaldagi yetakchining fikriga ko‘ra, Tramp so‘zlari Rossiyani AQSH ittifoqchilariga nisbatan bosqin uyushtirishga taklif qilishdir.

– AQSH sobiq Prezidenti shunday deyishini tasavvur qila olasizmi?, –  dedi Bayden. – Buni butun dunyo eshitdi. Eng yomoni, uning o‘zi buni xohlayapti… Tariximizda hech bir Prezident Rossiyaga ta’zim qilmagan, men ham hech qachon bunday qilmayman.

Shuningdek, Qo‘shma Shtatlar rahbari Ukrainani qo‘llab-quvvatlamaslik Putinni qo‘llash bilan barobarligi, Rossiya Prezidenti hujumi Ukraina chegarasidan chiqib, Yevropaga chuqur kirib borishi mumkinligi haqida gapirgan.

Yevropaning 29, Shimoliy Amerikaning ikki davlatidan iborat harbiy ittifoq – NATO nizomida hujumga uchragan har qanday a’zo davlatni himoya qilish zarurligi haqida band mavjud. Ukraina Alyans a’zosi bo‘lmasa-da, davlatlar Kiyev harbiy mudofaasini qo‘llash bo‘yicha AQSH sa’y-harakatiga salmoqli hissa qo‘shib kelmoqda. Tramp tashkilotni birinchi marta tanqid qilayotgani yo‘q, prezidentligi davrida, hatto, AQSHni tashkilotdan chiqarish bilan tahdid qilgan.