O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasida Xitoy Xalq Respublikasining “Chui Zhou Chen” kompaniyasi direktori Chin Chaojea bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda boshqarma boshlig‘i Kazbek Artikov Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi mavjud resurslar, ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari va biznes muhitni rivojlantirish bo‘yicha investorlarga yaratilgan imkoniyatlarga to‘xtaldi. Shuningdek, taraflar Qoraqalpog‘iston Respublikasida zamonaviy texnologiyalarni amalga joriy etish orqali loyihalarni birgalikda amalga oshirish bo‘yicha fikr almashdi.

Bundan keyin xitoylik tadbirkor Chin Chaojea Taxiatosh tumanida bo‘lib, tadbirkorlik faoliyatini boshlash va investitsiya kiritish maqsadida bo‘sh turgan binolar bilan tanishdi.

– Biz Qoraqalpog‘iston Respublikasida plastik quvurlar ishlab chiqarish yo‘nalishida biznes faoliyatni yo‘lga qo‘yishni, bu yo‘nalishda 500 ming dollarlik investitsiya kiritishni va ishsiz xalq qatlamini doimiy ish bilan ta’minlashni o‘z oldimizga maqsad qildik – deydi kompaniya direktori Chin Chaojea.

Taraflar zamonaviy loyihalarni amalga oshirish borasida hamkorlik rejalarini kelishib oldi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri