Majburiy ijro byurosi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning buzilgan huquqlarini tiklash ishlari muntazam ravishda olib borilmoqda.

Joriy yilning o‘tgan davrida ilgari sud qarori bilan asossiz sudlangan fuqarolarning buzilgan huquqlari tiklab berildi. Jumladan, fuqaro R.Fayzullayevga ilgari sodir etmagan jinoyati uchun 4 yil ozodlikdan cheklash jazosi tayinlanib, unga go‘yoki yetkazgan zararini qoplash uchun pul mablag‘i to‘latilgan. Lekin u Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudining qarori bilan o‘ziga nisbatan qo‘llanilgan jazodan ozod etilib, oqlangan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Shumanay tuman sudi 2023 yil 14 noyabrda R.Fayzullayev tomonidan zarar sifatida to‘langan 474 million 769 ming 79 so‘m pul mablag‘ini “Qaraqalpaq Agroservis MTP” mas’uliyati cheklangan jamiyatidan undirish haqida ajrim chiqargan.

Olib borilgan ijro harakatlari davomida qarzdorning bank hisob raqamlari xatlovga olindi. Natijada 474 million 769 ming 79 so‘m pul mablag‘i “Qaraqalpaq Agroservis MTP” MCHJning bank hisob raqamidan joriy yil 5 fevral kuni to‘lig‘i bilan majburiy tartibda R.Fayzullayev foydasiga undirilib, fuqaroning buzilgan huquqi tiklandi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri