Bugun va ertaga Nodirbek Abdusattorov mukofot jamg‘armasi 200 ming AQSH dollari bo‘lgan turnirning yarim finalida dunyoning eng kuchli shaxmatchilaridan biri, jahon shaxmat tojining sobiq sohibi, rapid va blits yo‘nalishlari bo‘yicha amaldagi jahon chempioni Magnus Karlsen bilan bahslashadi.
Germaniyaning Gamburg shahrida shaxmat bo‘yicha davom etayotgan “Freestyle Chess G.O.A.T Challenge” turnirining ortda qolgan chorak finalida hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov jahon chempioni Din Lijenni dog‘da qoldirdi.
Turnirning 1/4 finalida Abdusattorov Lijen bilan ikki partiya o‘yin o‘tkazdi. Birinchi partiyada g‘olib chiqqan hamyurtimiz kecha o‘tgan ikkinchi partiyada durangga erishdi.
Endi fisher yo‘nalishi bo‘yicha kechayotgan musobaqaning yarim finalida Abdusattorov Fransiya sharafini himoya qilayotgan Alireza Firuzjadan ustun kelgan Magnus Karlsen bilan ro‘baro‘ keladi.
Kecha o‘tkazilgan chorak finalning qolgan o‘yinlarida quyidagi natijalar qayd etildi:
Alireza Firuzdja (Fransiya, 2760) — Magnus Karlsen (Norvegiya, 2830) 1-1 (1-0, 0-1). Tay-breyk — 0-2
Fabiano Karuana (AQSH, 2804) — Dommaradju Gukesh (Hindiston, 2743) 1.5-0.5 (1-0, 1/2)
Nodirbek Abdusattorov (O‘zbekiston, 2744) — Din Lijen (Xitoy, 2762) 1.5-0.5 (1-0, 1/2)
Vinsent Kaymer (Germaniya, 2738) — Levon Aronyan (AQSH, 2725) 0.5-1.5 (1/2, 0-1)
Bugun, 13 fevral kuni yarim final bahslarining ilk partiyalari bo‘lib o‘tadi. Unda Nodirbek Abdusattorov azaliy raqiblaridan biri, klassik shaxmat bo‘yicha sobiq jahon toji sohibi, blits va rapid bo‘yicha amaldagi jahon chempioni Magnus Karlsen bilan kuch sinashsa, ikkinchi yarim finalchilar “dueli”da AQSH bayrog‘i ostida harakatlanayotgan Fabiano Karuana — Levon Aronyan to‘qnash kelishadi. Yarim finalning 2-partiya o‘yinlari ertaga, 14 fevral kuni o‘tkaziladi.
Shuningdek, bellashuvlar davomida biroz omadi chopmay qolgan to‘rt nafar shaxmatchi 5-8 o‘rinlar uchun kurash olib borishadi. Bunda Alireza Firuzja — Din Lijen va Vinsent Kaymer — Dommaradju Gukesh bahslari bo‘lib o‘tadi. Juftliklarda g‘olib chiqqanlar 5-6-, mag‘lub bo‘lganlar 7-8-o‘rinlar masalasini hal etadi.
Yakunlangan chorak final sarhisobiga ko‘ra aytish lozimki, Nodirbek hozircha nufuzli musobaqaning kamida to‘rtinchi pog‘onasini naqd qilib qo‘ydi. Bugun va ertaga Karlsen to‘sig‘idan o‘ta olsa, N. Abdusattorov Gamburg shaxmat piramidasining eng yuqori nuqtasida “jang” qilish baxtiga muyassar bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, shaxmatchimiz mazkur turnirning rapid yo‘nalishi bahsida, ya’ni 7-turida Karlsenni mag‘lub etgan edi. Musobaqaning final o‘yinlari 15-16 fevral kunlari o‘tkaziladi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA