AQSH Prezidenti Jo Bayden bayonot berishicha, Falastin milliy ma’muriyati isloh qilinishi kerak, XAMAS G‘azoda hokimiyatdan mahrum bo‘lgach, mustaqil davlat qurishga tayyor turishi kerak.
– Falastin ma’muriyati G‘arbiy sohilda ham, G‘azoda ham aholi ehtiyojini samarali ta’minlash uchun zudlik bilan isloh qilinishi kerak, – dedi u Oq uyda Iordaniya podshohi Abdulla II bilan uchrashuvdan keyin uyushtirilgan matbuot anjumanida. – XAMASning G‘azo ustidan nazorati tugashi bilan Falastin davlat qurishga tayyor turishi kerak, tinchlik tarafdori bo‘lgan, XAMAS va “Islom jihodi” kabi terrorchi guruhlarga boshpana bermaydigan mamlakatga aylanishi kerak.
2007 yil Falastinning XAMAS harakati G‘azo sektori ustidan nazorat o‘rnatgandan keyin, xalqaro tan olingan Falastin milliy ma’muriyati ixtiyorida faqat Iordan daryosining g‘arbiy qismi qolgan.