So‘nggi payt AQSHda sobiq Prezident Donald Trampning davlat rahbarligi uchun navbatdagi saylovda nomzodini ko‘rsatish qarori Yevropa siyosatchilari xavotirini orttirayotgani bot-bot tilga olinmoqda.

Ayrim tahlilchilar fikricha, noyabrda bo‘lib o‘tadigan saylovda Tramp g‘alabaqozonsa, Yevropa Transatlantik savdo urushi yuzaga kelishi ehtimoliga tayyor turishi kerak.

Hozircha xavotir o‘rinlimi yoki yo‘q, bir nima deyish mushkul, chunki Tramp hali respublikachilardan yagona nomzod bo‘la olgani yo‘q. Partiyadosh raqiblarini birin-ketin poygadan chiqarib yuborayotganiga qaramay, uning yo‘lida to‘g‘anoq yana bir kuchli raqib bor: AQSHning BMTdagi sobiq doimiy vakili Nikki Xeyli xonim. U o‘zaro kurashda Trampdan biroz ortda bo‘lsa-da, bahsni uzil-kesil to‘xtatgani yo‘q. Demak, poyganing qizg‘in pallasi oldinda.

Tramp nomzodini ko‘rsata olsa va amaldagi Prezident Bayden ustidan g‘alaba qozona olsa, bu Yevropa uchun ijobiy natija bo‘ladimi yoki teskarisi?

Milliarderning yutug‘i Yevropa Ittifoqi birligi, NATO mustahkamligiga putur yetkazmaydimi? Ayni savollar hozir ko‘hna qit’a siyosatchilarini o‘ylantirib, xavotirga solmoqda. Ustiga ustak, Tramp har chiqishida NATO uchun eng ko‘p xarajat qilayotgan AQSH ekanini minnat qilib, Yevropa o‘z mudofaasini o‘zi ta’minlashi, Ukrainaga yordam to‘xtatilishi, migrantlar ommaviy deportatsiya qilinishi va chegaralar xorijliklar uchun yopilishi zarurligini bot-bot takrorlamoqda. Bu ham yetmagandek, butun G‘arb, ayniqsa YeI Rossiya Prezidentini Ukrainaga hujum qilishda ayblab turgan bir payt u Kreml yetakchisiga xayrixoh.

Shu bois hozir YeI Tramp rahbarligi qanday kechishi ehtimolini rasman baholash ustida jiddiy ish olib boryapti. Boshqacha aytganda, agar u saylovda yutsa, NATOga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan har qanday choraga javob berish yo‘lini hozirdan rejalashtirib qo‘yish kerakligi ta’kidlanmoqda.

Yevropalik bir mulozim aytishicha, ayni dam Yevrokomissiya Tramp g‘alabasi ssenariysiga “alohida e’tibor” qaratib, saylov oqibatini baholash jarayonini tayyorlay boshlagan. YeI tarkibidagi aksar mamlakatlar respublikachining yana bir muddat hokimiyat tepasiga kelishi YeIga qarshi qaratilgan savdo tariflari joriy etilishiga olib kelishini taxmin qilmoqda.

Avvalroq “Blumberg” agentligi tahlilchilari Tramp jamoasi tomonidan YeIga qarshi ehtimoliy harakatlar ro‘yxati tuzilayotganini yozgan. Bu ro‘yxat 10 foizlik umumiy minimal savdo tarifi joriy etilishini ham ko‘zda tutgan bo‘lishi mumkin.

Tramp boshchiligidagi Qo‘shma Shtatlar 2018 yil birinchi yarmida YeIdan po‘lat va alyuminiy mahsulotlari importiga boj belgilagan, bu chora mos ravishda 25 va 10 foiz, ya’ni yiliga 6,4 milliard yevroni tashkil etgan.

Natijada YeI ham Amerikadan 2,8 milliard yevro miqdoridagi turli xil tovarlar importiga javoban, “muvozanatni tiklovchi” boj joriy qilgandi.

2021 yilga kelib esa tomonlar muayyan tovarlarga nisbatan chorani o‘zaro to‘xtatib turish va ikki tomonlama maqbul yechim topishga kelishib olgan.

Yevropada Tramp g‘alabasidan nega qo‘rqishlarini “Yagona Rossiya” deputati Oleg Morozov “RIA Novosti”ga shunday izohladi:

– G‘arb matbuotida yangrayotgan “Tramp saylovda g‘alaba qozonsa, AQSH NATOdan chiqishi mumkin” degan taxmin yevropaliklarni xavotirga soladi.

“Donald Trampning Oq uyga qaytishi ehtimoli paydo bo‘lishi Germaniya rasmiylari va ularning NATOdagi hamkasblarini “Alyans AQSH yetakchiligisiz yashay oladimi yo yo‘qmi?”, degan savol atrofidagi norasmiy munozarani boshlashga undadi”, deb yozdi “The New York Times” gazetasi o‘z manbalariga tayanib.

– Bu oddiy: agar Trampni hech qanday yo‘l bilan saylovdan chetlashtira olishmasa, u g‘alaba qozonadi, – deydi Morozov. – G‘arb buni tushunadi.

Qolaversa, ko‘p narsa o‘zgarishi, Yevropaning dolzarb muammolariga yangilari qo‘shilishini anglab turibdi.

Avvalroq Germaniyaning Gessen federal yeri bosh vaziri Boris Reyn Yevropa Qo‘shma Shtatlar ishtirokisiz o‘z mudofaa ittifoqini yaratishi kerak, bu Rossiyani “tiyib turish” uchun zarur, degan fikrni ham bildirgan.

Yana Trampga qaytamiz. Umuman, Trampning bu galgi saylovda ishtirok etishi masalasi savol ostida turganini unutmaslik kerak. Zero, sobiq rahbar Oq uyda payti anchagina qonunbuzarlikka yo‘l qo‘ygani bo‘yicha ayblanayotgani saylovchilar e’tiboridan chetda emas.

Ayni payt Trampga to‘rt jinoiy ish bo‘yicha jami 91 ayblov qo‘yilmoqda. Respublikachi siyosatchi buni demokratlarning Tramp Oq uyga qaytishiga to‘sqinlik qilishga urinishi, deb atagan. Eng jiddiy bandlar Trampga 20 yillik qamoq jazosi bilan tahdid solmoqda. Mabodo, jazo hukmni qo‘shish orqali belgilansa, u bir necha asr “panjara ortida qolishi” mumkin. Ayblovlar yig‘indisiga ko‘ra, siyosatchini 700 yildan ortiqroq qamoq jazosi kutmoqda.

Shunday ekan, Tramp saylovda qatnasha oladimi yoki yo‘qmi, hali noma’lum. Sobiq advokat Jo Takopina uni aybdor, deb topishlari mumkin, demoqda. Agar sud shunday yakunlansa, Tramp saylovda-ku qatnasha olmaydi, ustiga-ustak jarayonni panjara ortidan kuzatib o‘tirishiga to‘g‘ri keladi.

– Ushbu ishlardan biri bo‘yicha ayblov e’lon qilinishi va shu bilan birga potensial jazo, jumladan qamoq muddati berilishini istisno qilmaslik kerak, – degan Jo Takopina.

Xulosa shuki, hozircha Tramp atrofidagi gap-so‘z, saylov oldi poygasidagi vaziyat yevropaliklar uchun, shunchaki, biroz xavotirli, vahima uyg‘otadigan darajada emas.

Saidmurod RAHIMOV, O‘zA