Amerikaning “Sony Music” yozuv va musiqa kompaniyasi mashhur Maykl Jekson qo‘shiqlari to‘plamining yarmini 600 million dollarga sotib oldi.
BBC xabariga ko‘ra, bu san’atkor asarlari bilan tuzilgan eng yirik bitim.
Shartnomada Jeksonning “Mijac” kompaniyasi tomonidan xarid qilingan Reya Charlz, Elvis Presli va Areta Franklinning bir necha qo‘shig‘i ham ko‘zda tutilgan.
Jeksonning barcha qo‘shiqlarini jamlagan musiqiy to‘plam narxi 1,2 milliard dollardan oshadi.
2021 yil amerikalik rok ustasi Bryus Springstin o‘zining barcha qo‘shiqlariga egalik huquqini “Sony Music” ovoz yozish kompaniyasiga 500 million dollarga sotishga rozi bo‘lgandi. O‘shanda kelishuv musiqa sanoati uchun rekord kelishuv ekani qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, amerikalik qo‘shiqchi, prodyuser, musiqiy bezak ustasi, raqqos, xoreograf, aktyor, ssenariynavis, xayriyachi va tadbirkor Maykl Jekson 2009 yil 25 iyunda vafot etgan. Jahon musiqasi tarixidagi eng muvaffaqiyatli ijrochilardan biri, “Pop qiroli” sifatida tanilgan bu inson o‘z davrida 15 marta “Gremmi” mukofotini, yuzlab boshqa nufuzli sovrinlarni qo‘lga kiritgan.