O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi raisi, O’zLiDeP fraksiyasi rahbari Aktam Xaitov Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumanida aholi, xususan, yoshlar bandligini ta’minlash, ularning doimiy daromad manbaini shakllantirish, oilalar daromadini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Uchrashuvda ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda agrar sohani tubdan isloh qilish va uni bozor talablariga moslashtirish ishlariga  katta  e’tibor  qaratilmoqda. Bozorlarimiz, qolaversa, xalqimiz dasturxoni to‘kin-sochinligi yo‘lida  mehnat qilayotgan  dehqon, fermerlar nafaqat o‘z oilasi, balki iqtisodiyotning ham muhim tayanchi hisoblanadi.  Sohada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning qariyb barchasi fermer xo‘jaliklari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Oziq-ovqat xavfsizligini va ichki bozorlarda narxlar barqarorligini ta’minlash, agrar sohada aholining tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash orqali ularning daromadlarini oshirish, shuningdek, “Bir hudud – bir mahsulot” tamoyili asosida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni kengaytirish hamda eksport salohiyatini oshirish maqsadida “Ozod Intensiv bog‘” fermer xo‘jaligida seminar tashkil qilindi. Unda mazkur tamoyil asosida dehqon xo‘jaliklari faoliyatini tashkil etish borasidagi ishlar, eksportbop mahsulotlarni yetishtirish tajribalari namoyish etildi.  Shuningdek, Beruniy tumani misolida dehqon xo‘jaliklarini sifatli urug‘lik bilan ta’minlash, eksportchi-agregatorlar bilan hamkorligini yo‘lga qo‘yish masalalari ham muhokama qilindi.

Seminar ishtirokchilariga davlatimiz rahbarining 2022 yil 10 sentyabrdagi “Dehqon xo‘jaliklari tashkil etishni qo‘llab-quvvatlash orqali aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, dehqon xo‘jaliklarini tashkil etish bilan oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, eksport salohiyatini oshirish, kooperatsiya tamoyillari asosida eksportbop ekinlarni oqilona joylashtirish, kafolatli xarid qilish masalalari tushuntirildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri