Qish fasli–ish fasli

Bugungi kunda sho‘r yuvishga yer tayyorlash, lazerli tekislashning ahamiyati, sug‘orish mavsumiga irrigatsiya tarmoqlari va nasos agregatlarini tayyorlash yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan ishlar bilan keng jamoatchilikni tanishtirish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun Beruniy tumaniga press-tur tashkil qilindi.

Dastlab jurnalistlar tumandagi “Aksakal-acha”nasos stansiyasida bo‘lib, nasos agregatlarining sug‘orish mavsumiga shayligi hamda nasos stansiyalarida elektr energiyani iqtisod qilish, ta’mirlash borasidagi ishlar yuzasidan mas’ullardan ma’lumot olishdi. Ikkinchi manzilda ommaviy axborot vositalari vakillari yer osti suvlari sathini onlayn kuzatuvchi “Dayver” qurilmalari bilan tanishdi.

Ta’kidlanganidek, Beruniy tumanida 33 ming 608 gektar sug‘oriladigan yer mavjud bo‘lib, shundan joriy yil hosili uchun 14 ming 114 gektar yerning sho‘rini yuvish ishlari samarali olib borilmoqda. Ma’lumot berilishicha, tumanda hozirgi kungacha 93 dona kuzatuv qudug‘iga “Dayver” uskunasi o‘rnatilgan bo‘lib, avtomatlashgan markaziy axborot tizimiga o‘tkazildi. Barcha kuzatuv quduqlarining ko‘rsatkichlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri internet orqali yuritilmoqda. 2024 yil tumandagi kuzatuv quduqlariga 61 dona ana shunday raqamli texnologiyani o‘rnatish rejalashtirilgan.

–Tumanimizda suv resurslaridan maqsadli va samarali foydalanish, suv resurslarining davlat boshqaruvini amalga oshirish va suvdan foydalanishning davlat suv xo‘jaligi tizimini zamonaviylashtirishni ta’minlash, sug‘oriladigan yerlarning holatini yaxshilash, suv resurslaridan foydalanish to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga qat’iy rioya etilishini ta’minlash borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi Beruniy nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi boshlig‘i Jasur Xalmuratov. – Jumladan, hozirgi kunda 53 ta nasos stansiya, 119 ta agregat bor.

Boshqarma tasarrufidagi davlat nasos agregatlarini 2023-2024 yilgi kuz-qish mavsumiga tayyorlash bo‘yicha 47 dona nasos agregatini ta’mirlash rejalashtirilgan bo‘lib, shu kungacha 35 donasi mavsumga soz holatga keltirildi. Ushbu ishlarni joriy yilning 31 mart kuniga yakunlash yuzasidan barcha choralar ko‘rilmoqda.

Nasos agregatlarini 2024 yili ekspluatatsiya qilishda 26 million 500 ming kVt.soat elektr energiyasi limitidan samarali va maqsadli foydalanish vazifasi qo‘yildi. Shuningdek, joriy sho‘r-yuvish mavsumida Beruniy, To‘rtko‘l, Ellikqal’a tumanlariga Amudaryodan jami 138 million m3 cheklangan suv limiti rejasi belgilangan bo‘lib, ushbu rejaning o‘z muddatida to‘liq bajarilishiga erishishning barcha choralari ko‘riladi.

Tadbir yakunida ommaviy axborot vositalari vakillari sho‘r yuvish, sug‘orish mavsumida suvning hisob-kitobini yuritish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish masalalari yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat+video), O‘zA muxbirlari