Nukusda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qoraqalpog‘iston filiali yangi binosi ochildi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev soha xodimlarini yangi binoning foydalanishga topshirilishi bilan muborakbod etdi va davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda tibbiyot sohasini isloh qilish, aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, tibbiy yordam ko‘rsatishning zamonaviy tizimini shakllantirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarga to‘xtaldi. Sohani rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan farmon va qarorlar, belgilab berilgan vazifalar keng ko‘lamli ishlarga asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Shunday ezgu ishlarning davomi sifatida Nukus shahrida shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi filiali yangi binosi foydalanishga topshirildi.

Jami 61 milliard so‘m mablag‘ evaziga qad rostlagan 4 qavatli yangi bino zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan ta’minlandi. Natijada bugungi kunga qadar Toshkent shahrida o‘tkazilib kelingan ayrim murakkab jarrohlik amaliyotlarini endilikda shu yerning o‘zida o‘tkazish imkoniyati yaratildi. Bino 130 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, qo‘shimcha 50 o‘rin tashkillashtirilishi rejalashtirilmoqda.

Yangi tibbiyot muassasasi binosida xorijiy davlatlarning tajribali shifokorlari bilan hamkorlikda ayrim murakkab jarrohlik amaliyotlarini, tibbiyot sohasidagi ilg‘or tajribalar bo‘yicha mahorat darslarini  o‘tkazish, o‘z navbatida, mahalliy shifokorlarning chet davlatlarning nufuzli davolash muassasalarida malaka oshirishi nazarda tutilmoqda.

Tadbir ishtirokchilari yangi binoda yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri