Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasida rahbariyat va shaxsiy tarkib o‘rtasida korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik, uning oldini olish bo‘yicha profilaktik uchrashuvlar muntazam o‘tkazilib kelinmoqda.

Navbatdagi mana shunday uchrashuvda so‘zga chiqqan boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari O.Qodirov bugun davlatimiz rahbari tomonidan bojxona tizimiga qaratilayotgan e’tibor va bildirilayotgan ishonchni oqlab, bor kuch-g‘ayrat bilan halol xizmat qilish muhimligini ta’kidladi.

Millat zavoli hisoblanuvchi korrupsiya barcha zamonda ham jamiyat ildiziga bolta uruvchi illat sifatida qoralanib kelingan. Bugun bojxona organlarida ham xodimlar orasida ta’magirlik, poraxo‘rlik jinoyatlariga qo‘l urilmasligini ta’minlash maqsadida shaxsiy tarkib bilan muntazam ravishda profilaktik uchrashuvlar o‘tkazilib borilishi yo‘lga qo‘yilgan.

Tadbirda mamlakatimiz eksport salohiyatini oshirish, davlat byudjetiga bojxona to‘lovlarining to‘liq va to‘g‘ri undirilishini ta’minlash kabi mas’uliyatli vazifalar ijrosini sidqidildan bajarish har bir bojxonachining funksional vazifasi sanalishi,  biron xodimning qasamyodiga xiyonat qilib, moddiy manfaatdor bo‘lishga haqqi yo‘qligi uqtirildi.

Ta’kidlash joizki, boshqarma va barcha bojxona postlarida xizmatning to‘g‘ri tashkil etilishi, xodimlar tomonidan tovar va transport vositalari, fuqarolar hamda ularga tegishli bo‘lgan bagaj va qo‘l yuklarining bojxona nazoratidan to‘laqonli o‘tkazilishi, ijro intizomiga rioya etilishi, shu bilan birga, xodimlarning hushyorligini oshirish maqsadida 2024 yil yanvar oyi davomida 3 marotaba xufyona tarzda tekshiruv ishlari olib borildi. Xizmat vazifalariga yuzaki yondashib, funksional vazifalarini to‘laqonli bajarmayotgan xodimlarga nisbatan intizomiy jazo choralari qo‘llanildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashga jamiyatning har bir vakili mas’uldir. Shunday ekan, agarda kimdir bojxona xodimlarining noqonuniy korrupsion tusdagi xatti-harakatlarining guvohi bo‘lsa, Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasining ishonch telefoni raqamlariga murojaat qilishi lozimligi qayd etildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri