Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali “Veterinariya va zooinjeneriya” fakultetida talaba-qizlar o‘rtasida “Fakultet go‘zali” tanlovi o‘tkazildi.

Qiziqarli taassurotlar va hayajonlarga boy tarzda o‘tgan tanlovda 12 nafar talaba ishtirok  etib, 4 ta shart bo‘yicha o‘z mahoratini namoyish etdi. Ayniqsa, har millatdan bir nafar mehmon sharti bo‘yicha ishtirokchi qizlar turkman, qozoq, ozarbayjon, rus, ukrain va koreys millatlarining urf-odati  va an’analarini ko‘rsatib berdi. Go‘zal qizlar turli millatlarning milliy liboslarida yanada latofatli va  jozibador ko‘rindi. Shuningdek, xalq maqollarini aytish, qizlar tarbiyasiga oid sahna ko‘rinishlarida ham ishtirokchilar o‘zlarining ajoyib ijrosi bilan  hakamlar hay’ati a’zolarida iliq taassurot qoldirdi.

Tanlov yakunida 1-bosqich talabasi Zarina Zaripbayeva g‘oliblikni qo‘lga kiritib, “Fakultet go‘zali” nominatsiyasiga loyiq deb topildi.

Taqdirlash marosimida fakultet dekani A.Kaniyazov g‘olib hamda faol ishtirokchilarga diplom va qimmatbaho sovg‘alar topshirdi. Ishtirokchilarga filialning iqtidorli talabalari tomonidan konsert dasturi namoyish etildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri