Bugun mamlakatimizda investitsion jozibadorlikni oshirish, sanoat korxonalarida ishlab chiqarishga xorijiy investitsiya mablag‘larini jalb etib, ishlab chiqarish hajmi va davlatimiz tashqi savdosida eksport tovarlar ulushini orttirish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi 2024 yilda 34 ta loyihaga jami 604 million AQSH dollari xorijiy investitsiyasi va kreditlarni o‘zlashtirishga mas’ul etib belgilangan.

Ushbu korxonalarda investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi jarayonlari va mavjud muammolarni o‘rganish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi boshlig‘i I.Kazakov Nukus shahridagi “Karakalpak basaltwool” mas’uliyati cheklangan jamiyatida bo‘lib, bazalt mineralidan issiqlik saqlovchi materiallar ishlab chiqarish loyihasi bilan yaqindan tanishdi.

Umumiy qiymati 52,8 million AQSH dollari bo‘lgan mazkur loyihaning amalga oshirilishi uchun 5 gektar yer maydoni ajratilgan bo‘lib, bugungi kunda korxonaning qurilish ishlari olib borilmoqda. O‘ziga xos noyob bazalt mineralidan issiqlik saqlovchi materiallar ishlab chiqarish korxonasining ishga tushirilishi 250 ta mahalliy aholini doimiy ish o‘rni bilan ta’minlaydi. Yiliga 40 ming tonna mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘ladigan mazkur loyiha ishga tushirilgach, 80 foiz mahsulotning eksportga yo‘naltirilishi ham rejalashtirilgan.

Bu kabi investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi aholi farovonligiga xizmat qiladi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri