Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida O‘zbekiston Ekologik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi partiya tashkiloti tomonidan “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” munosabati bilan targ‘ibot tadbiri tashkil etildi.

Ma’lumki, hozirgi kunda deyarli butun dunyo duch kelayotgan asosiy muammolardan biri ekologiya bo‘lib hisoblanadi. Shu bois atrof-muhit sofligini saqlash, ekologiyamiz ifloslanishining oldini olish juda ahamiyatli mavzuga aylanmoqda. O‘zbekiston Ekologik partiyasi bu borada muhim tashabbuslarni ilgari surib kelmoqda.

“Yangi avlod kadrlari” loyihasi doirasida “Biz, kelajak yosh liderlari Ekopartiyani tanlaymiz” mavzusida o‘tkazilgan ushbu tadbirda filial direktori A.Yesimbetov, O‘zbekiston Ekologik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi partiya tashkiloti Kengashi ijroiya qo‘mitasi raisi A.Begimova, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari B.Matmuratov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zosi B.Jiyenbayev so‘zga chiqib, bugungi kunda ekologik muammolarni bartaraf etish va atrof-muhit buzilishi, havoning ifloslanishi kabi salbiy oqibatlarning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtaldi.

Tadbirda yoshlarga partiyaning ko‘zlagan ezgu maqsadi hamda vazifalari, ekologiya barqarorligini ta’minlash, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish borasidagi faoliyati haqida ma’lumotlar berildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri