Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida Alisher Navoiy tavalludining 583 yilligi munosabati bilan “Alisher Navoiy va Sharq Renessansi” nomli III xalqaro simpozium tashkil etildi.
Mazkur tadbir Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi kabi tashkilotlar hamkorligida o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbari Odil Abdurahmonov, Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Bahrom Abduhalimov, Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat tilini rivojlantirish departamenti mudiri Nodirjon Xolbo‘tayev, Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondi ijrochi direktori Olimjon Davlatov, mazkur universitet rektori Gulchehra Rixsiyeva va boshqalar Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi asosida buyuk ajdodlarimiz, ayniqsa Alisher Navoiy merosini o‘rganish borasidagi ezgu sa’y-harakatlar nainki mamlakatimiz, balki xalqaro miqyosda ham o‘ziga xos aks-sado berayotganini ta’kidladi.
Simpoziumda Ozarbayjon Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Husayn Guliyev, Turkiya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Olgan Bekar va boshqalar Alisher Navoiy turkiy adabiyotda buyuk siymo ekani, alloma shoir o‘z ijodida turkiy xalqlar do‘stligini tarannum etishi bilan birga butun dunyo ahlini hamjihatlikka chorlaganini e’tirof etdi.
Darhaqiqat, simpoziumning mazkur universitetda o‘tkazilishi ham bejiz emas. Zero, mutafakkir shoir ijodini o‘rganishda Alibek Rustamov, Aziz Qayumov, Suyima G‘aniyeva va boshqa sharqshunos-navoiyshunos olimlarning zahmatli xizmatlari beqiyos.
Keyingi yillarda davlatimiz rahbari tomonidan Navoiy merosini o‘rganish va targ‘ib etish borasidagi ibratli tashabbuslar mamlakatimiz va xorijiy davlatlarda ham keng quloch yozdi. O‘zbekistonda Navoiy ijodi, umuman navoiyshunoslikning o‘ziga xos, betakror va katta maktabi shakllandi. Navoiy merosiga oid tadqiqotlar olib borish, uning asarlarini chop etish, lug‘at va ilmiy monografiyalar yaratish borasidagi ishlar muntazam olib borilmoqda.
– Alisher Navoiy o‘z asarlari bilan jahon adabiyotiga ham o‘ziga xos ta’sir ko‘rsatgan, – dedi kiprlik professor Qadir Gulkariyan. – Ushbu anjumanda bu mavzuni shoirning “Muhokamat ul-lug‘atayn” asari orqali tahlil etish imkoniyati yaratildi. Ushbu asar bugungi kunda Arab davlatlarida, AQSH, Germaniyada ham tadqiq etilmoqda. Navoiy asaridagi so‘zlarning zamiridagi ma’nolar xazinasini taqqoslab o‘rganish yana ko‘plab ilmiy ishlarga mavzu bo‘lishi mumkin.
– Navoiyga O‘zbekistondagidek misli ko‘rilmagan yuksak maqomdagi munosabatni dunyoning hech qaysi mamlakatida uchratmadim, – dedi afg‘onistonlik olim Azizullo Orol. – Bu esa mamlakatingizda Alisher Navoiy merosi nainki uning tavallud sanasida, balki doimiy e’tirof etilishi, o‘rganilishi, targ‘ib etilishining amaliy natijasidir. Alisher Navoiyning buyukligi shundaki, u ko‘p asrlar avval yashab, ijod qilgan bo‘lsa-da, o‘z asarlarida bizning bugungi muammolarni ham ochib bergan. Shu bilan birga O‘zbekistonda uning nomi bilan ataluvchi va dunyoda yagona bo‘lgan Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tashkil etilgan. Ayni paytda O‘zbekistondagi eng yirik viloyatlardan biri Navoiy nomi bilan ataladi. Uning asarlari qayta-qayta nashr etilmoqda. “Istiqlol davri o‘zbek navoiyshunosligi” o‘ttiz jildlik majmuaning chop etilishi diqqatga sazovordir.
Xalqaro simpoziumda dunyoning turli mamlakatlarida faoliyat ko‘rsatayotgan navoiyshunos olimlar ulug‘ shoir Alisher Navoiy merosini o‘rganish va targ‘ib etishning kelgusidagi istiqbollarini atroflicha muhokama qildi.
Nazokat Usmonova, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA