Suv sport turlari bo‘yicha Dohada o‘tayotgan jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Igor Myalin “Parij-2024” Olimpiadasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritish ostonasiga yaqin keldi. Barchasiga bugungi yarim final va final bahslari oydinlik kiritadi.

Mazkur jahon chempionatida dunyoning 2 ming 500 nafardan ziyod sportchilari qatorida O‘zbekiston terma jamoasining 6 nafar a’zosi ham sovrinli o‘rinlar hamda “Parij-2024” Olimpiadasi yo‘llanmalari uchun kurash olib bormoqda.

Kecha chempionatning suvga sakrash bahslarida O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Igor Myalin 10 metrli tramplindan sakrash dasturida qatnashdi.

Terma jamoamiz a’zosi 45 nafar sportchi orasida 377.85 ball jamg‘arib, 14-natija bilan yarim final musobaqalarida qatnashish huquqiga ega chiqdi.

Bugun, 10 fevral kuni ushbu yo‘nalishda yarim final va final bahslari bo‘lib o‘tadi. Aytish lozimki, bugungi bahslarda yurtimiz sharafini himoya qilayotgan Igor Myalin kuchli o‘nlikdan joy olishga muvaffaq bo‘lsa, u “Parij-2024” Olimpiadasi yo‘llanmasiga ega chiqadi.

Ertaga suzish musobaqalari boshlanadi. Unda terma jamoamiz a’zolari Ilya Sibirsev va Eldorbek Usmonov turli yo‘nalishlar bo‘yicha o‘tadigan bahslarda o‘z omadini sinab ko‘radi.

Eslatib o‘tamiz, mukofot jamg‘armasi 5,6 million AQSH dollaridan iborat bo‘lgan nufuzli musobaqa 18 fevralga qadar davom etadi.

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA