Avstraliya 2023 yilda o‘zining sakkizinchi eng issiq yilini boshdan kechirdi, iqlim o‘zgarishi ta’sirida mamlakatda o‘rtacha harorat 1961-1990 yillardagi ko‘rsatkichdan deyarli 1 daraja yuqoriga ko‘tarildi, deb yozmoqda “The Straits Times” nashri.
2023 yildagi ekstremal ob-havo o‘zgarishlari Avstraliyadafalokatli suv toshqinlari va janubiy yarimshardagi eng issiq qish va erta bahorga sababchi bo‘ldi. Toshqin va siklonlar qishloq xo‘jaligi sanoatiga salbiy ta’sir o‘tkazib, bug‘doy hosilini pasaytirdi.
Sinoptiklarning ogohlantirishicha, iqlimning o‘zgarib borishi Avstraliyada jazirama davom etishini anglatadi. Mamlakat Meteorologiya byurosining ma’lumotlariga ko‘ra, Avstraliyada harorat 1961-1990 yillardagi o‘rtacha haroratdan 0,98 daraja issiqroq, qishki harorat esa avvalgi yillarga qaraganda 1,53 daraja yuqori.
Ma’lumki, 2023 yil global miqyosda rekord darajadagi eng issiq yil bo‘ldi, okean harorati eng yuqori darajaga ko‘tarildi va Antarktika dengiz muzlarining erishi rekord darajada qayd etildi.
Iqlimshunoslar 2024 yilda El-Nino so‘nib, ehtimol uning teskarisi – La Ninaga o‘tishini kutishmoqda, bu esa Avstraliyada nam ob-havo massasini hosil qiladi.