Senat Raisi: yong‘in xavfsizligi talablarini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytirilayotgani juda to‘g‘ri chora

367

Yong‘inlarning oldini olish sohasida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilayotganiga qaramay, aholining maishiy hayotida va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyatida yong‘inlar bilan bog‘liq og‘ir oqibatli noxush hodisalar ro‘y bermoqda.

2023 yilda 10 ming 204 ta yong‘in hodisasi yuz berib, unda 251 nafar fuqaro jabrlangan. Shundan 79 nafari vafot etgan, jismoniy va yuridik shaxslarga esa 270,4 milliard so‘mlik zarar yetkazilgan.

Senat yalpi majlisida muhokama qilingan “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga yong‘inlar profilaktikasi samaradorligini oshirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun yuqoridagi kabi noxush holatlarning oldini olishga qaratilgan.

Qonun bilan o‘rmonlarda yong‘in xavfsizligi talablarini buzish, agar yong‘in chiqishiga olib kelgan bo‘lsa, ma’muriy javobgarlikni belgilash ko‘zda tutilmoqda. Bunda ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxs Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 38-moddasiga muvofiq ma’muriy huquqbuzarlik oqibatida keltirilgan zararni qoplashdan ozod etilmaydi.

Shuningdek, yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzgan huquqbuzarliklarga nisbatan qo‘llaniladigan jazo sanksiyalarini oshirish ko‘zda tutilmoqda.

Mazkur masala yuzasidan fikr bildirgan Senat Raisi T.Norboyeva qonunchilikka kiritilayotgan yangiliklar nafaqat ijtimoiy-iqtisodiy, balki ekologik ahamiyatga molik masala ekanini qayd etdi.

– Hozir bir tub daraxt oltinga teng bo‘lib turgan bugungi sharoitda o‘rmonlarda yong‘in xavfsizligi talablarini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytirilayotgani juda to‘g‘ri chora, deb hisoblayman, – dedi Tanzila Norboyeva. – Biroq shuni ham unutmaslik kerakki, ma’muriy choralarni kuchaytirish orqali natijaga erishib bo‘lmaydi. Yong‘in xavfsizligi talablarini bajarish barcha sohalarda, ob’ektlarda birinchi galdagi vazifalardan biri bo‘lib qolishi kerak. Keyingi paytlarda OAV orqali, bevosita korxona va tashkilotlarda, ayniqsa, maktablarda, yozgi dam olish oromgohlarida bolalarimiz o‘rtasida bu borada tushuntirish ishlari faollashganini ko‘ryapmiz, albatta. Mazkur masalaga faqatgina kuz-qish mavsumi kirib kelganda yoki shaxsiy reja asosida emas, balki har doim kompleks yondashish va hamma safarbar qilinishi kerak.

Majlisda yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzganligi tufayli uy-joy fondida odamlarning sog‘lig‘iga zarar yetishi yoxud o‘zganing mol-mulki shikastlanishi yoki uning yo‘q qilinishi bilan bog‘liq bo‘lmagan tarzda yong‘in sodir bo‘lganda mazkur shaxs yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlikdan ozod qilinishi nazarda tutilayotgani ta’kidlandi.

Senatorlar ma’qullagan qonun yong‘in xavfsizligi bilan bog‘liq sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan huquqbuzarliklarning oldi olinishiga xizmat qiladi.

N.Abduraimova, O‘zA