Mikroqarz berishning maksimal summasi 100 million so‘mgacha oshiriladi

351

O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga kredit majburiyatlarini bajarish tartibini takomillashtirish hamda aholining mikromoliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Senat yalpi majlisida shu maqsadga qaratilgan qonun muhokamasida Fuqarolik kodeksiga va “Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalashtirish faoliyati to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilayotgani qayd etildi.

Fuqarolik kodeksiga kiritilayotgan qo‘shimchalarga asosan, aholi va tadbirkorlarga ajratilgan mikroqarz yoki kredit bo‘yicha amalga oshirilgan to‘lov summasi, agar qarz oluvchining majburiyatlarini bajarish uchun yetarli bo‘lmasa, qarz oluvchining qarzi belgilangan tartibda undiriladi.

Eng avvalo, asosiy qarz bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorlik va muddati o‘tgan foiz to‘lovlari mutanosib ravishda uziladi. So‘ngra joriy davr uchun hisoblangan foizlar va joriy davr uchun asosiy qarz bo‘yicha qarzdorlik so‘ndiriladi. Uchinchi navbatda, neustoyka (jarima, penya)lar va keyingi navbatda kreditorning qarzdorlikni uzish bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa xarajatlari undiriladi.

Shu bilan birga, Fuqarolik kodeksiga kredit bo‘yicha qarzdorlikni va hisoblangan foizlarni undirish haqida sudning hal qiluv qarori chiqarilganda, mazkur kredit bo‘yicha foizlar, shuningdek, neustoyka hisoblanishi to‘xtatilishiga oid o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritilmoqda.

“Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalashtirish faoliyati to‘g‘risida”gi qonunga jismoniy shaxs bo‘lgan qarz oluvchiga ajratiladigan mikroqarz miqdori 50 million so‘mdan 100 million so‘mga oshirilishiga oid qo‘shimcha kiritilmoqda.

Senatorlar ma’qullagan qonun aholi va tadbirkorlarga mikroqarz yoki kredit olishda yangi va kengroq imkoniyatlar yaratadi.

N.Abduraimova, O‘zA