Senat: is gazidan zaharlanish holatlarining oldini olishga qaratilgan choralar kuchaytiriladi

329

Senat yalpi majlisida aholi o‘rtasida is gazidan zaharlanish holatlarining oldini olish dolzarb vazifa ekaniga e’tibor qaratildi.

– O‘tgan yil oxiridagi bo‘lib o‘tgan yalpi majlisda Farg‘ona va Namangan viloyatlarini rivojlantirish masalalarini ko‘rib chiqish doirasida energetika ta’minoti bilan bog‘liq tizimli muammolarni muhokama qilganmiz, – dedi Senat Raisi T.Norboyeva. – Unda, jumladan, is gazidan zaharlanish holatlariga sabab bo‘layotgan muammolar ham qayd etilib, bu bo‘yicha zarur choralar ko‘rish lozimligi aytilgan edi. Masala hamon dolzarb. OAV, ijtimoiy tarmoqlarda is gazidan zaharlanishga oid mudhish xabarlar e’lon qilinmoqda.

Ushbu masala Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan doimiy nazoratga olingan. Shu bois, shu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar haqida qo‘mita raisi Qutbidin Burxonov  axborot berdi.

– Is gazidan zaharlanish holatlarining oldini olishga oid qonunchilikka rioya qilinishi bo‘yicha qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilingan, – dedi Q.Burxonov. – Unda kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan “Yo‘l xaritasi” tasdiqlangan hamda ijrosi yuzasidan qat’iy nazorat o‘rnatilgan. Xususan, Favqulodda vaziyatlar, Energetika, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirliklari, “Hududgaz” va “O‘ztransgaz” aksiyadorlik jamiyatlari, Tog‘-kon geologiya va sanoat xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi hamda Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi bilan hamkorlikda tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”da aholi o‘rtasida is gazidan zaharlanish holatlarining oldini olishga oid qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan takliflarni ishlab chiqish hamda belgilangan tartibda Hukumatga kiritish ko‘zda tutilgan. Bu takliflar 2023 yil 11 dekabr kuni Vazirlar Mahkamasiga kiritildi.

Unda pech va dudburonlarni qurish va ko‘rikdan o‘tkazish (shu jumladan, ko‘p kvartirali uydagi shamollatish kanallarini ham) xizmatini ko‘rsatuvchi tashkilotlar faoliyatini tartibga solish, mavjud ko‘p kvartirali uylardagi va hovli uyidagi isitish jihozlarining tutun ketkazish va shamollatish kanallarining holatini monitoring qilish, tabiiy gazdan foydalanish qoidalariga va isitish pechlaridan foydalanishda xavfsizlikka oid talablarga amal qilmaganlarga nisbatan ta’sir choralarini qo‘llash tartibini takomillashtirish, is gazidan zaharlanishning oldini olish sohasidagi xorij tajribasining maqbul normalarini O‘zbekiston sharoitida joriy etish kabi chora-tadbirlar, ularni amalga oshirish mexanizmlari va ijro muddatlari aniq belgilangan.

– 2024 yil 31 yanvar kuni Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi majlisida qo‘mita  qarori ijrosi yuzasidan tasdiqlangan idoralararo “Yo‘l xaritasi”ning ijrosi mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlarini jalb qilgan holda muhokama qilinib, mas’ullarga qo‘shimcha ravishda tegishli ko‘rsatmalar berildi. Bugun yalpi majlis kun tartibiga kiritilgan “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga yong‘inlar profilaktikasi samaradorligini oshirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun ham fuqarolarning is gazidan zaharlanishining oldini olish borasida olib borilayotgan ishlarning uzviy davomidir, – dedi Q.Burxonov.

Senat ushbu yo‘nalishda keng jamoatchilik, xususan mahalliy kengashlar deputatlari, mahalla fuqarolar yig‘inlari faollari va, eng asosiysi, aholi bilan muloqot va hamkorlikni yanada kuchaytiradi.

Norgul Abduraimova, O‘zA