O‘zbekistonda 9507 nafar bola gepatit A kasalligini yuqtirib olgan

398

Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Maftuna Saidova ishtirokida AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda so‘z yuritildi.

Virusli gepatit A bolalar o‘rtasida uchraydigan yuqumli kasallik bo‘lib, jigar to‘qimalarining shikastlanishi bilan kechadi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, respublikamizda joriy yilning hoziriga qadar 9507 nafar bola gepatit A kasalligini yuqtirib olgan.

Kasallanish ko‘rsatkichlarining o‘sishi Andijon, Buxoro, Namangan, Surxondaryo, Samarqand, Farg‘ona viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida kuzatilmoqda.

Gepatit A kasalligiga qarshi emlash 94-98 foiz holatlarda virus yuqishining oldini oladi va emlashdan keyin kuzatilishi mumkin bo‘lgan jiddiy asoratlar kuzatilmaydi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining tavsiyasiga ko‘ra, ushbu vaksinaning xavfsizligi va sifatini kafolatlovchi sertifikatlari mavjud bo‘lib, vaksinatsiya bir marotaba qo‘llaniladi, qayta emlash ishlari talab etilmaydi. Virusli gepatit A kasalligiga qarshi asosan, 18 oylikdan 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar emlanadi. Virusli gepatit A vaksinasi bilan emlanganidan so‘ng 15 yilgacha muddatda immunitet tarangligi saqlanib qoladi.

O‘tgan yilning 12 oyi davomida respublika bo‘yicha jami 365 167 nafar bola virusli gepatit A kasalligiga qarshi vaksina bilan emlangan.

Shuningdek, nogiron, kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarini ushbu kasallikka qarshi emlash maqsadida Qashqadaryo viloyati, Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumani va Toshkent shahri hokimliklari tashabbusi bilan virusli gepatit A vaksinasini xarid qilish uchun mahalliy byudjetdan jami 4 mlrd. so‘mdan ko‘proq miqdorda mablag‘lar ajratilib, 24 765 nafar bola kasallikka qarshi emlangan.

– Hurmatli ota-onalar farzandlaringiz ushbu kasallikni yuqtirib olmasliklari uchun avvalo, ularni shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilishga o‘rgating va ularni gepatit A ga qarshi o‘z vaqtida emlating. Har bir ota-ona farzandining salomatligi uchun mas’ul ekanligini unutmang, – dedi M.Saidova.

Mohigul Qosimova, O‘zA