Senat yalpi majlisi o‘z ishini boshladi

262

Bugun, 2024 yil 9 fevral kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining elliginchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi.

Unda Senat va Hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etmoqda.

Senat Raisi Tanzila Norboyeva boshqarayotgan majlis  videokonferensaloqa tizimidan foydalangan holda o‘tkazilmoqda. Shu bilan birga, Senatning YouTube tarmog‘idagi sahifasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritib borilmoqda.

Majlis kun tartibiga 10 ta masala kiritilgan. Ular orasida “Kambag‘allikni qisqartirishda tadbirkorlik sub’ektlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik o‘rnatishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilanganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga kredit majburiyatlarini bajarish tartibini takomillashtirish hamda aholining mikromoliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonunlar bor.

Shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga yong‘inlar profilaktikasi samaradorligini oshirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga fuqarolarning ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) to‘g‘risida”gi qonunlar muhokama etiladi.

Bundan tashqari,  Xalqaro mehnat tashkilotining Ish haqini himoya qilish to‘g‘risidagi 95-sonli Konvensiyasini (Jeneva, 1949 yil 1 iyul) ratifikatsiya qilish ko‘zda tutilgan.

2030 yilga qadar O‘zbekiston Respublikasi gender tenglikka erishish strategiyasini 2023 yilda amalga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturida belgilangan vazifalarning ijrosi hamda 2024 yilda amalga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqiladi.

Andijon viloyati hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritalari”da belgilangan vazifalar ijrosi, Toshkent viloyatida tadbirkorlikni rivojlantirish va investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar holati tahlildan o‘tkaziladi.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tarkibiga o‘zgartirishlar kiritish ham kutilmoqda.

Yalpi majlisda ko‘riladigan barcha masalalar haqida O‘zAning rasmiy sayti va ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifalari orqali yoritib boramiz. Bizni kuzatib boring!

Norgul Abduraimova, O‘zA