Poytaxtimizda davom etayotgan og‘ir atletika bo‘yicha Osiyo chempionatining oltinchi kungi bahslari O‘zbekiston terma jamoasi uchun omadli kechdi.
Bugun, 8 fevral kuni O‘zbekiston sporti tarixida og‘ir atletika bo‘yicha yangi qit’a chempioni paydo bo‘ldi. Bunday baxtga terma jamoamiz a’zosi, mahoratli sportchimiz Sarvarbek Zafarjonov erishdi.
Musobaqaning 89 kilogramm og‘irlikdagi bahslarida ishtirok etgan Sarvarbek Zafarjonov dast ko‘tarishda 167 kilogramm toshni bo‘ysundirib, oltin medalga sazovor bo‘ldi. Siltab ko‘tarish mashqlarida hamyurtimiz 195 kilogramm natija bilan 4-o‘rinda qayd etilgan bo‘lsa, ikkikurash sarhisobiga ko‘ra, 362 kilogramm ko‘rsatkichga erishgan holda qit’a chempionatining kumush medaliga ega chiqdi.
Ushbu vaznning dast ko‘tarish kurashlarida sovrinli o‘rinlar eronlik Ali Alipur (163) va qirg‘izistonlik Emil Moldodosov (162) tegishli bo‘ldi. Siltab ko‘tarishda oltin, kumush, bronza medallari Janubiy koreyalik Yu Dongju (201), Ali Alipur (200) va o‘monlik Amur Salim Alhanjari (196)ga nasib etdi.
Ikkikurashdagi umumiy kilogrammlarda Ali Alipur (363), Sarvarbek Zafarjonov (362) hamda Emil Moldodosov (352) yetakchiga aylanib, “Parij-2024” Olimpiadasining muhim reyting ochkolarini jamg‘ardi.
Ertaga, 9 fevral kuni Osiyo chempionatining navbatdagi yettinchi kungi musobaqalarida ayollar 87 va +87 kilogrammda, erkaklar 102 kilogramm og‘irlikda qit’a chempionati medallari uchun bahslarni o‘tkazadi.
Qit’a chempionatining ushbu kun dasturida mamlakatimiz sharafini ayollar o‘rtasida 87 kilogrammda Nigora Suvonova, +87 kilo og‘irlikda Tursunoy Jabborova hamda 102 kilogramm og‘irlikda Olimpiya o‘yinlari g‘olibi, jahon chempioni Akbar Jo‘rayev himoya qiladi.
Shu o‘rinda kichik mulohaza. Mamlakatimiz sport faxri bo‘lgan Akbar Jo‘rayevning 109 kilogrammdan “Parij-2024” Olimpiadasi uchun belgilangan 102 kilogramm og‘irlikda ilk bor supaga ko‘tarilayotgani xalqaro sport mutaxassislari o‘rtasida qizg‘in munozaralarga sabab bo‘lmoqda.
A.Jo‘rayev o‘tgan 2023 yil 109 kilogrammda jahon chempionligini qo‘lga kiritdi. Osiyo o‘yinlarida ushbu vaznda ikkinchi o‘rinni egalladi. Olimpiya yilida uning 102 kilogrammga pasayishi o‘zini oqlaydimi yoki yo‘q, ertangi bahslarda kuzatamiz.
To‘lqin Ro‘ziyev, Alimurod Mamadaminov(surat), O‘zA