Shols: Germaniya Ukrainaga yordam berish darajasida katta davlat emas

GFR kansleri Olaf Shols ta’kidlashicha, agar uning mamlakati Ukrainaga ko‘rsatilayotgan yordamning yagona manbai bo‘lib qolsa, bu “haqiqiy xavf”ga aylanishi mumkin.

Reuters” agentligi yozishicha, Germaniya Ukrainaga yordam berayotgan AQSHdan keyingi ikkinchi yirik donor davlat hisoblanadi. Joriy yil Berlin Ukrainaga 7 milliard yevrolik harbiy yordam berishini e’lon qilgan.

Tailandda denge bezgagi bilan xastalanish holati keskin oshgan

Tailandda yil boshidan buyon 8 ming kishi denge bezgagiga uchrab, 13 kishi kasallik qurboniga aylandi, deb yozdi “the Nation” nashri qirollik Sog‘liqni saqlash vazirligi kasalliklarni nazorat qilish departamenti bergan ma’lumotga tayanib.

Xabarda keltirilishicha, yanvar oyida 8 ming 197 kishi bezgak yuqtirgan. Bu avvalgi yil yanvar oyidagi holat bilan taqqoslaganda 91 foiz ko‘p.

NATO: ittifoqchilar uchun bevosita xavf ko‘rmayapmiz

NATO hozir tashkilotga a’zo mamlakatlarning birortasiga nisbatan, qandaydir, bevosita xavfni ko‘rmayapti, dedi matbuot anjumanida alyans bosh kotibi Yens Stoltenberg.

– Biz har doim mudofaa va tiyib turish ustida ish olib boramiz, xavfsizlik masalasini e’tiborsiz qoldirmaymiz, biroq ayni dam NATO ittifoqchilarning birortasiga  nisbatan bevosita xavfni ko‘rmayapti , – dedi u.

Guterrish: BMT Xavfsizlik Kengashi tarixida

bu qadar chuqur inqiroz bo‘lmagan

– Geosiyosiy kelishmovchilik tufayli Xavfsizlik Kengashi boshi berk ko‘chaga kirib qoldi, ayni damdagidek tarqoqlik kengash tarixida hali uchramagan, –  dedi BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Bosh Assambleyada so‘zga chiqib. –  Hozirgi tarqoqlik kengashda ilk bor kuzatilayotgani yo‘q, albatta, lekin bu galgisi juda chuqur va o‘ta xavfli.

Pokistondagi portlashlar uchun hech kim javobgarlikni zimmasiga olmadi

Chorshanba kuni Pokistonning Belujiston viloyatida sodir etilgan ikkita portlash oqibatida halok bo‘lganlar soni 27 kishiga yetdi, dedi “RIA Novosti”ga mahalliy mulozim.

– Qurbonlar soni 27 kishiga yetdi, biroq haligacha ushbu xunrezlik uchun hech kim javobgarlikni zimmasiga olgan emas, – deyiladi xabarda.

Niderlandiyada Rossiyaning 660 million yevrodan ortiq aktivi muzlatildi

Niderlandiyada rossiyaliklarning 660 million yevrolik aktivi muzlatilgan, deya bayonot berdi Rossiya Federatsiyasining ushbu mamlakatdagi elchisi Vladimir Tarabrin  “Rossiya24” telekanaliga bergan intervyusida.

– Niderlandiya Yevroittifoqning Rossiyaga qarshi tashabbusida yetakchi bo‘lishga intilmoqda, – dedi elchi. – 11 yanvar holatida bu mamlakatda RF jismoniy va yuridik shaxslarining 660 million yevro qiymatga teng moliyaviy vositalari muzlatilgan.

Isroil G‘azoda hibsga olingan 71 falastinlikni ozod qildi

Isroil G‘azo sektorida hibsga olingan 71 nafar falastinlikni ozod qildi.

Ular harbiy amaliyot doirasida qamoqqa olingan, ozod etilganlar orasida 19 ayol ham bor, deya ma’lum qildi Falastin anklavida chegaradan o‘tish bosh boshqarmasi mas’ullari.

Nyu-Yorkda 70 nafar mansabdor shaxs qamldi

Nyu-Yorkda 70 nafar mansabdor shaxs korrupsiyada ayblanib qamoqqa olingan. Ularning ko‘pi uy-joy qurilishi boshqarmasi buyurtmachilari va xodimlari. Bu adliya departamenti tarixidagi eng yirik korrupsiyaga qarshi kurash kampaniyasi hisoblanadi, deyiladi “NBC New York” telekanali tarqatgan xabarda.

70 kishiga korrupsiya va pul yuvish aybi qo‘yilgan. Ularga 10-20 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanishi mumkin.

Saidmurod Rahimov tayyorladi.

O‘zA