Vladimir Putin amerikalik jurnalist, “Fox News” telekanali sobiq boshlovchisi Taker Karlsonga intervyu berdi, deya tasdiqladi chorshanba kuni Kreml. “The Wall Street Journal” nashri manbalarga tayanib yozishicha, intervyu 8 fevral kuni chop etilishi mumkin.
Taker Karlsonning Vladimir Putin bilan intervyu haqida gapirgan video murojaati “X” ijtimoiy tarmog‘i orqali qariyb 100 million marta ko‘rilgan.
Jurnalist ta’kidlashicha, “Bu suhbat juda muhim, chunki amerikaliklar Rossiya va Ukrainada sodir bo‘layotgan voqealardan mutlaqo bexabar”, deb yozgan “RIA Novosti”.
Karlson o‘tgan hafta Moskvaga keldi. Seshanba kuni u ijtimoiy tarmoqda quyidagi yozuvni qoldirdi:
– Bugun kechqurun biz Rossiya Prezidenti Vladimir Putindan intervyu olamiz. Tez orada bu ishni qilamiz!
Karlsonning so‘zlariga ko‘ra, intervyu o‘zining “Tacker Carlson Network” veb-saytida, keyinchalik Karlsonning 11 milliondan ziyod kuzatuvchiga ega “X” ijtimoiy media saytida tahrirsiz efirga uzatiladi.
Karlson “X” sohibi Ilon Maskka intervyuga to‘sqinlik qilmaslik to‘g‘risida so‘z bergani uchun minnatdorlik bildirdi va G‘arb hukumatlari uni senzura qilishga urinishini kutayotganini aytdi.
– Albatta, bunday intervyuni berish xavfli, – dedi Karlson.
Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ham bu ma’lumotni tasdiqladi. So‘nggi yillarda G‘arb ommaviy axborot vositalari Putindan bir necha bor intervyu so‘ragan. Berilgan rad javoblari esa o‘sha jurnalistlarning noxolisligi bilan izohlangan. Shuning uchun ham, Peskovning so‘zlariga ko‘ra, bunday intervyulardan ma’no yo‘q.
Kreml vakili fikricha, Karlsonning qarashi “boshqalarnikidan farq qiladi, ya’ni hech qanday rossiyaparastlik ham, ukrainaparastlik ham emas”.
2016 yildan 2023 yilgacha Taker Karlson 5 milliondan ko‘p tomoshabinga ega “Fox” siyosiy teleko‘rsatuvi – “Tacker Carlson Tonigh” yulduzi edi. Afsuski, uning kanaldagi faoliyati to‘satdan tugadi. 2023 yil 24 aprel kuni ertalab Taker Karlson “Fox News”dan haydaldi.
Sh.Toshtemirova, O‘zA