“Zakon.kz” axborot portalining yozishicha Olmaota shahrining Medeu tumanida sodir bo‘lgan ko‘chki oqibatida ikkita uyni tuproq bosib qolgan.
Olmaota favqulodda vaziyatlar departamenti ko‘chkining dastlabki sabablarini ma’lum qildi. Unga ko‘ra ko‘chki texnogen xususiyatdagi tuproqning botqoqlanishi tufayli sodir bo‘lgan. Ko‘chki oqibatida 17 yoshli yigit halok bo‘lgan.
Shuningdek, boshqarma tomonidan to‘rt kishini, jumladan, ikki bolani qidirish davom etayotgani ma’lum qilindi. Qutqaruv ishlari uylarning yaqinligi va asbob-uskunalardan foydalanish imkoniyati yo‘qligi bois murakkab bo‘lib turibdi.
Yaqin atrofdagi uylarda yashaydigan aholi evakuatsiya qilindi. Qabul qilish punktiga joylashtirilganidan bir necha soat o‘tgach, ular o‘z tashabbuslari bilan do‘stlari va qarindoshlarining uylariga ketishgan.
Voqea joyida tibbiyot guruhi, favqulodda vaziyatlar boshqarmasining psixologik guruhi, qutqaruv xizmati ishlamoqda. Qutqaruv ishlariga 170 kishi va 30 ta texnika jalb qilingan.
N.Mardonov, D. Yakubov (video), O‘zA