Bolgariyaning Sofiya shahrida boks bo‘yicha kattalar o‘rtasida o‘tkazilgan “Strandja” xalqaro turnirida chorak final bahslari kutilmagan natijalarga boy bo‘ldi

Ushbu bosqichda 7 nafar bokschimiz yarim final yo‘llanmasi uchun ringga ko‘tarildi. Ular orasida vazni -51 kg. bo‘lgan Asilbek Jalilov irlandiyalik Nesbitt Rickeyni, -71 kg. vaznda Iqboljon Xoldorov mo‘g‘ulistonlik Byamba-Erdene Otgonbaatarni, -75 kg. vazn toifasida Fazliddin Erkinboyev gruziyalik Giorgi Harabadzeni, ushbu yo‘nalishdagi ikkinchi charm qo‘lqop ustamiz Javohir Ummataliyev esa ukrainalik Jamal Kuliiyevni mag‘lubiyatga uchratib, 1/2 finalga yo‘l oldi. Afsuski, Shodiyorjon Meliqo‘ziyev, A’loxon Abdullayev va Nusrat Tohirov o‘z vazn toifalarida raqiblariga imkoniyatni boy berib qo‘ydi.

Bugun, 8 fevral kuni musobaqa doirasida erkaklar va ayollar orasida chorak final bellashuvlari davom ettiriladi. Unda O‘zbekiston terma jamoasining 5 nafar vakili ishtirok etadi.

Ayollar:

-50 kg. Sabina Boboqulova – Venelina Poptoleva (Bolgariya);

-57 kg. Humorabonu Mamajonova – Sakshi (Hindiston);

Erkaklar:

-86 kg. Samandar Jalolov – Jugno (Hindiston);

-92 kg. Madiyor Saidrahimov – Marley Jak (Irlandiya);

+92 kg. Jahongir Zokirov – Sagar (Hindiston).

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA