Velosport bo‘yicha Ostona shahrida “Qozog‘iston qishki ochiq chempionati” o‘tkazilmoqda. Musobaqaning ilk kunida O‘zbekiston velosportchilari uchta medalni qo‘lga kiritdi.
“Qozog‘iston qishki ochiq chempionati” musobaqasining sprint va jamoaviy poyga bellashuvlarida yosh qizlarimiz jamoaviy poygada tengsiz bo‘ldi. Yigitlar o‘rtasidagi jamoaviy poygada esa velosportchilarimiz kumush medalga sazovor bo‘ldi. Shuningdek, ular jamoaviy sprintda bronza medaliga ega chiqdi.
Ma’lumot uchun, bugun Madina Qahhorova, Anna Kuskova, Nafosat Qoziyeva, Yanina Kuskova, Margarita Misyurina va Olga Zabelinskaya kabi iqtidorli velopoygachilardan iborat bo‘lgan “Tashkent City Professional Womenʼs Cycling Team“ jamoamiz Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida “ UCI Womenʼs World Tour“ doirasidagi uchinchi poyga – ”UAE Tour“da ishtirok etadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA