Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Javlon Vahobov Misr Arab Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Amira Fahmiy bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muloqot davomida o‘zaro hamkorlik istiqboli muhokama qilindi.

Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2023 yil fevral oyida Qohiraga tashrifidan so‘ng erishilgan ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikning samarali natijalari qayd etildi. O‘shanda turli sohalar bo‘yicha sheriklikni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoit yaratish, gaz-kimyo, to‘qimachilik, elektrotexnika, zargarlik va farmatsevtika sanoati kabi muhim yo‘nalishlarga o‘zaro investitsiya jalb qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan.

Shuningdek, madaniy-gumanitar aloqani chuqurlashtirishda avval erishilgan kelishuvlar muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi. Arab tili bo‘yicha mutaxassis tayyorlash maqsadida hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, joriy yil ikki davlat sa’y-harakati bilan arabshunoslar Global forumini tashkil etish to‘g‘risida kelishuvga erishilgani qayd qilindi.

Dolzarb xalqaro va mintaqaviy muammolar yuzasidan ham fikr almashildi. BMT, IHT, SHHT kabi xalqaro tashkilotlar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlash an’anaviy tus olgani e’tirof etildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar umumiy mintaqaviy ustuvorlikni ilgari surish maqsadida ilmiy-tadqiqot muassasalari o‘rtasida almashinuvni faollashtirishga kelishib oldilar. Diplomat MOXI va Misrdagi yetakchi tahlil markazlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga ko‘mak uchun tayyorligini bildirdi.

G‘.Xonnazarov, O‘zA