O‘zA avval xabar qilganidek, bugun – 2023 yil 7 fevralga Ozarbayjonda mamlakat prezidentligi uchun navbatdan tashqari saylov o‘tkazilishi belgilangan. Ayni payt xorijdagi, jumladan O‘zbekistonda yashayotgan ozarbayjonliklar ham mamlakatning ertangi kuni, kelajagi uchun munosib nomzodga ovoz bermoqda.

Ushbu qardosh davlatning mamlakatimizdagi elchixonasida tashkil etilgan maxsus saylov uchastkasi erta tongdan mazkur muhim siyosiy voqeani uyushqoqlik bilan o‘tkazish uchun ish boshladi. Toshkent vaqti bilan 8.00 dan boshlab O‘zbekistonga ishlash, o‘qish yoki biznes yuritish uchun kelgan, sayohat qilish va boshqa turli maqsadlarda vaqtincha yurtimizda bo‘lib turgan Ozarbayjon fuqarolari elchixona binosiga kelib, o‘zlari tanlagan nomzodni qo‘llab-quvvatlab ovoz bermoqdalar.

Elchixona mas’ul xodimi ma’lum qilishicha, ushbu saylovda qatnashish huquqiga ega 300 nafardan ortiq saylovchi ro‘yxatga olingan. Ayni paytgacha ularning 200 dan ko‘pi o‘z tanlovini ifodalab bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, Ozarbayjon Prezidentligi uchun yetti nafar nomzod, jumladan amaldagi davlat rahbari Ilhom Aliyev ham da’vogarlik qilmoqda.

G‘.Xonnazarov, O‘zA