O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limining Ko‘rgazma saroyida Qoraqalpog‘iston xalq rassomi, “Shuhrat” medali sohibi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi haqiqiy a’zosi, akademik Sarsenbay Baybosinovning “Pozitiv” nomli shaxsiy ko‘rgazmasi ochildi.
Mazkur ko‘rgazmada rassomning 100 ga yaqin turli janr va uslublarda yaratgan asarlari o‘rin olgan.
Iqtidorli rassom rangtasvir, grafika ko‘rinishidagi kompozitsiyalarini, so‘nggi yillarda yaratgan bir qator asarlarini tomoshabinlarga taqdim etmoqda. Ushbu kartinalar turli tematika va ko‘lamda, o‘zgacha uslublarda yaratilgan bo‘lib, rassomning hayot hamda insonning ma’naviy dunyosi borasidagi ichki kechinmalari, tuyg‘ulari ranglar orqali ifoda qilingan.
Ko‘rgazmani tashkil etishdan maqsad tomoshabinlarni, asosan, yoshlarni taniqli rassomning asarlari bilan yaqindan tanishtirish orqali tasviriy va amaliy san’atga bo‘lgan qiziqishni oshirish, mohirlik bilan ishlangan ranglar garmoniyasi orqali ixlosmandlarga estetik zavq bag‘ishlashdan iborat.
Kartinalarda atrof-muhit o‘zgacha bir yorug‘lik bilan to‘lib-toshib turgandek guyo. Rassom o‘z asarlarida ajoyib ranglar bilan bezatilgan g‘aroyib dunyoni yaratadi. Uning asarlarida hattoki quyosh ham alohida yorug‘lik taratadi.
Uning asarlari mutaxassislarda ham, oddiy ixlosmandda ham qiziqish uyg‘otadi. Ular barchaga birdek tushunarli, hayotni turli ranglar orqali ko‘rsata olishi insonni xursand qiladi. Rassom kartinalari sirliligi, ranglarning uyg‘unligi bilan ajralib turadi.
Rassom S.Baybosinov mamlakatimizdagi va bir qator chet davlatlardagi ko‘rgazmalar ishtirokchisi. Uning mehnatlari munosib baholanib, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Oltin medali, “Shuhrat” medali, Qoraqalpog‘iston xalq rassomi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi haqiqiy a’zosi, akademik unvonlari bilan taqdirlandi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.