“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tarkibidagi Markaziy klinik shifoxona yopiladimi?

365

Ijtimoiy tarmoqlarda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tarkibidagi Markaziy klinik shifoxona yopilayotgani, hozir davolanayotgan bemorlar o‘z hisobidan shprits va dori-darmonlar sotib olayotgani ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Mazkur xabar yuzasidan “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ matbuot xizmati quyidagilarni ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tarkibiga qiruvchi barcha tibbiyot muassasalari mamlakatimizda temir yo‘lchilar va aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatishda davom etmoqda. Xususan, hozirgi kunda Markaziy klinik shifoxonada qabulxona, reanimatsiya va intensiv terapiya, asab kasalliklari, yurak kasalliklari, ko‘z kasalliklari, quloq, tomoq, burun kasalliklari, ichki kasalliklar, me’da ichak kasalliklari va jarrohlik bo‘limlari, funksional diagnostika, fizioterapiya va boshqalar faoliyat ko‘rsatmoqda.

Bugungi kunga qadar mazkur muassasalarda 234 nafar bemor davolanmoqda. Ularning 139 nafari temir yo‘l ishchilari, 95 nafari pullik asosda davolanmoqda. Bemorlarga dori-darmonlar talabnomaga muvofiq, belgilangan dorilar formulyariga asosan shifokor ko‘rsatmasiga binoan bepul berilmoqda.

Davolanayotgan bemorlar bilan suhbat o‘tkazilganda shifokorlar tomonidan malakali tibbiy xizmat ko‘rsatilayotgani, zarur dori-darmonlarning mavjudligi, xonalar ozodaligi va tibbiy xodimlarning xushmuomalaligi ta’kidlangan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, Markaziy klinik shifoxonaning yopilayotgani to‘g‘risidagi ma’lumotlar asossiz.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA