Yoshlarning loyihalariga BHMning 1000 baravarigacha imtiyozli kreditlar ajratiladi

Davlat dasturi loyihasi muhokamada
Shu kunlarda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi loyihasi jamoatchilik tomonidan keng muhokama qilinmoqda. Xalqimiz, turli soha vakillari va yoshlar loyiha yuzasidan o‘z takliflarini taqdim etmoqda.
O‘zLiDeP, “Yuksalish” umummilliy harakati, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi hamkorligida o‘tkazilgan “Davlat dasturi loyihasi – O‘zLiDeP yoshlari nigohida” mavzusidagi uchrashuv ham ayni masalaga bag‘ishlandi.
Uchrashuvda qayd etilganidek, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan keng ko‘lamli islohotlarni 2024 yilda samarali amalga oshirish, xalqimizning kundalik hayotida ijobiy o‘zgarishlarga erishish bo‘yicha tizimli harakatlarni izchil davom ettirish, “yashil” iqtisodiyot tamoyillariga asoslangan yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash, ekologik holatni yaxshilash, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash kabi masalalar Davlat dasturi loyihasida alohida o‘ringa ega. Dastur loyihasida ilgari surilgan tashabbuslar hayotiyligi bilan ajralib turadi.
— Yoshlar o‘rtasida tadbirkorlikni keng ommalashtirish va biznes bilan shug‘ullanishga qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish maqsadida Davlat dasturi loyihasida oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida ajratilayotgan kreditlarning kamida 40 foizini yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishga yo‘naltirish ko‘zda tutilgan, — dedi O‘zLiDeP Siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasi bo‘lim mudiri Otabek Sobitov. — Bundan tashqari, 2024 yil 1 iyundan boshlab “Yosh tadbirkor” tanlovini o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi hamda tanlovning ilk marotaba “mahalla – tuman – viloyat – respublika” bosqichlarida yoshlarning istiqbolli biznes loyiha va g‘oyalari saralanadi. Respublika bosqichida saralashdan o‘tgan har bir loyihaga bazaviy hisoblash miqdorining 1000 baravarigacha miqdordagi imtiyozli kreditlar ajratiladi va kredit stavkasining 50 foizi qoplab berilishi yo‘lga qo‘yiladi. G‘olib bo‘lgan biznes loyiha va g‘oyalar egalari Yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan xorijiy davlatlarga malaka oshirishga yuborilishi yosh tadbirkorlar safini kengaytirishga xizmat qiladi. Bu kabi maqsad-vazifalar partiyamizning dasturiy maqsadlariga mos va hamohangdir.
Uchrashuvda so‘z olganlar hujjat loyihasida yoshlarni zamonaviy kasblarga o‘qitish bo‘yicha “Ustoz” maxsus platformasi ishga tushirilishi va mazkur platforma orqali 150 ming nafar yoshlar qamrab olinishi borasidagi vazifalarga to‘xtaldi. Bu kelajagimiz egalarining kasb-hunarli bo‘lishida muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.
Tadbirda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va “Yuksalish” umummilliy harakati vakillari jamoatchilik tomonidan kelib tushayotgan takliflar xususida ham to‘xtalib o‘tdi. Yoshlar 9 fevral kuniga qadar davom etadigan muhokamalarda Davlat dasturi loyihasiga o‘zlarining taklif-mulohazalari bilan faol ishtirok etishi lozimligi alohida ta’kidlandi.
Muhtarama Komilova, Rustam Nazarmatov (surat), O‘zA