Bolgariyaning Sofiya shahrida kattalar o‘rtasida o‘tayotgan “Stranja” xalqaro turniri doirasidagi saralash bahslari davom etmoqda.
Ushbu bosqichda O‘zbekiston terma jamoasining to‘rt nafar vakili ringga ko‘tarildi. Unda vazni 57 kilogrammgacha bo‘lgan charm qo‘lqop ustalari o‘rtasida Shahzod Muzaffarov qozog‘istonlik Islom To‘raboyev, 63,5 kilogrammgacha vaznda Adhamjon Muhiddinov irlandiyalik Klensi Dinni, 92 kilogrammdan og‘ir vazn toifasida Jahongir Zokirov eronlik Iman Ramezanpurdelevarni 5:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Afsuski, Xudoynazar Fayzov o‘z vazn toifasida imkoniyatni boy berib qo‘ydi.
Bugun, 7 fevral kuni 7 nafar bokschimiz chorak final yo‘llanmasi uchun jang qiladi. Ularning raqiblari bilan tanishing:
– 51 kg: Shodiyorjon Meliqo‘ziyev – Samet Gumus (Turkiya);
– 51 kg: Asilbek Jalilov – Nesbitt Rikkey (Irlandiya);
– 71 kg: Iqboljon Xoldorov – Erden-Byamba Otgonbaatar (Mo‘g‘uliston);
– 75 kg: Fazliddin Erkinboyev – Giorgi Xarabadze (Gruziya);
– 75 kg: Javohir Ummataliyev – Jamal Kuliyev (Ukraina);
-70 kg: A’loxon Abdullayev – Tursunboy Qulahmet (Qozog‘iston);
-92 kg: Nusrat Tohirov – Giorgi Kushitashvili (Gruziya).
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA