Britaniya RF hujumini qaytarishga tayyor(mi?)

Buyuk Britaniya, Rossiya hujum qiladigan bo‘lsa, qaytarishga tayyor, dedi Birlashgan Qirollik Bosh vaziri Rishi Sunak “TalkTV” telekanaliga bergan intervyusida.

– Ha, umumiy xavfsizligimizni kafolatlash vazifamiz, biz mudofaa xarajati miqdori bo‘yicha NATOda ikkinchi mamlakatmiz – qo‘shimcha qilgan Sunak. – Moskva G‘arb bilan qarama-qarshilikda strategik mag‘lubiyatga uchradi, chunki Ukraina mojarosi NATO a’zolarini yanada jipslashtirdi.

Janubiy Sudan. To‘qnashuvda 26 kishi halok bo‘lgan

Janubiy Sudandagi to‘qnashuv mahalliy guruhlar o‘rtasida yer va tabiiy zaxira talashish natijasida yuz bergan, deb yozdi “Reyter” agentligi.

– Qurollangan yoshlar Varob shtatida politsiya idorasiga, G‘arbiy Bahr Al-G‘azal shtatida bozorga hujum uyushtirdi, – deyiladi xabarda.

Istanbulda sud binosiga hujum qilganlarning uchinchisi ushlandi

Istanbulda sud binosiga bostirib kirgan uchinchi shaxs ham qo‘lga olindi, u jarohatlangan, deb xabar tarqatdi “Sabah” gazetasi.

Seshanba kuni bir erkak va bir ayol Istanbuldagi sud binosi qo‘riqchilari turgan xonaga hujum uyushtirgan. Otishma natijasida ular yo‘q qilingan. Turkiya ichki ishlar vaziri Ali Erliqoya bayonot berishicha, hujumchilar Turkiyada terror tuzilmasi sifatida tan olingan “DHKP-C” – Inqilobiy xalq ozodlik partiya-jabhasi a’zolari.

Xusiylar Britaniya kemasiga hujum qilgan

Buyuk Britaniya dengiz savdo amaliyoti boshqarmasi ma’lum qilishicha, Aden porti yaqinida Xusiylar Britaniya kemasiga hujum uyushtirgan.

Boshqarma kemalarga ushbu hududda ehtiyot bo‘lib suzishni tavsiya qilmoqda.

NATO askarlari Polshada mashq qilishadi

NATO askarlari Polshada o‘tadigan “Dragon-2024” mashqida qatnashadi. Mazkur harbiy tadbirga 20 ming askar, 3 500 texnika jalb qilinadi, deb xabar tarqatdi respublika qurolli kuchlari bosh shtabi.

Harbiylar izoh berishicha, ushbu mashg‘ulot “Polsha armiyasining qurolli inqirozga tayyor turish imkoniyatini ko‘rib chiqish”dir.

Nurtleu TIV rahbarligida qoldi

Qozog‘iston hukumati tarqatib yuborilgandan keyin Murat Nurtleu o‘z lavozimi – Bosh vazir o‘rinbosari va tashqi ishlar vaziri lavozimini saqlab qoldi, deya ma’lum qildi mamlakat prezidenti matbuot xizmati.

JSST: Afrikada vabo tez tarqalyapti

Yanvar oyida Afrikaning 10 mamlakatida 26 mingga yaqin vabo bilan kasallanish, 700 o‘lim holati qayd etilgan.

Xastalik boshqa davlatlarga tarqalishi ehtimoli juda yuqori, deb bayonot berdi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Afrika byurosi vakili Fiona Braka.

Uning qo‘shimcha qilishicha, ayni dam ofat o‘chog‘i sifatida Zambiya, Zimbabve, Mozambik, Tanzaniya, Kongo Demokratik Respublikasi, Efiopiya va Nigeriya davlatlari e’tirof etilmoqda.

Hindistonda zavod portlab, o‘ndan ziyod ishchi halok bo‘ldi

Hindistondagi pirotexnika zavodida sodir bo‘lgan portlash oqibatida halok bo‘lganlar soni 11 kishiga yetdi, hodisa oqibatida, taxminan, 60 kishi jarohat olgan, deb yozdi “Times of India” gazetasi.

Ta’kidlanishicha, odamlar portlashdan keyin boshlangan sarosima qurboniga aylangan. Nashr ma’lum qilishicha, zavod noqonuniy faoliyat yuritgan.

Gruziya Prezidenti iste’foga chiqmaydi

Gruziya Prezidenti Salome Zurabishvili har yili parlament oldida hisobot beradi. Bu galgi ma’ruza uning so‘nggi chiqishi hisoblanadi. Zurabishvilining muddati 2024 yil kuzda nihoyasiga yetadi.

– Kimlardir, ehtimol, xafa qilish, siquvga olish meni sindirishi, xalq qarshisida bergan qasamyodimdan voz kechishga majbur qilishidan umidvordir, – dedi u. – Aksincha, men bugun o‘sha ontning ulkan kuchini his qilyapman va oxirigacha qasamyodimga, konstitutsiyaga sodiq qolaman.

Kiyev F-16 samolyotlarini qabul qilishga tayyorlanmoqda

Ukraina milliy xavfsizligi va mudofaa kengashi kotibi Aleksey Danilov  “24-kanal” telekanali orqali bayonot berishicha, mamlakatda F-16 qiruvchi samolyotlarini qabul qilish infratuzilmasini hozirlash davom etyapti.

Yanvar oyi oxirida Harbiy havo kuchlari qo‘mondonligi maslahatchisi Yuriy Ignat hamkorlar Kiyevga “F-16” qiruvchi samolyotlarini berishga tayyor, biroq bizda uchoqlarni qabul qilish uchun infratuzilma tayyor emas, deya bayonot bergan edi.

Saidmurod Rahimov tayyorladi.

O‘zA