Yevropa Kengashi rahbari Sharl Mishel Ukrainaga ko‘rsatilayotgan moliyaviy yordam “Yevropa Ittifoqi xavfsizligiga sarmoya” ekaniga ishonch bildirdi.
– Vaqti-vaqti bilan shubha uyg‘otishga urinayotganlarga javob bermoqchiman: Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun yo‘naltirilayotgan har bir yevro bizning xavfsizligimiz va farovonligimiz, Yevropa Ittifoqi barqarorligiga sarmoyadir, – dedi Mishel.
YeI yetakchilari 1 fevral kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari sammitda Ukrainaga 2027 yilgacha bir necha qat’iy shart bilan jami 50 milliard yevro miqdorida moliyaviy yordam ko‘rsatish fondini yaratish to‘g‘risida siyosiy qaror qabul qildi. Shuningdek, Kiyevni moliyalashtirish har yili kelishib olinadigan, tasdiqlanadigan mexanizm va hisobot ishlab chiqishga kelishildi.
Keyinchalik Yevropa manbalari yechim hali juda “xom” ekanini, qonunchilik bilan tasdiqlanishi zarurligi va aniq amaliy mexanizm talab qilishini ta’kidladi.
Masalan, kelishilgan paketdan birinchi transhni ajratish sanasi noma’lum. Ma’lum bosqichlardan iborat bu jarayon, avvala, qarorning rasman kuchga kirish vaqtiga hamda qonunchilikdagi muayyan me’yorga bog‘liq bo‘ladi.
Manba birinchi to‘lov vaqti martgacha kelishib olinishi mumkinligiga umid bildirmoqda.