Tadbirkor “AAA” toifadagi reytingga ega bo‘lsa, soliq organlari tekshirishlar o‘tkazmaydi
Tadbirkorlik sub’ektlarining barqarorlik reytingi mazmun-mohiyatini tushuntirish maqsadida qurilish sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlar ishtirokida seminar o‘tkazildi.
Unda Soliq qo‘mitasi raisi Sh.Kudbiyev, Savdo-sanoat palatasi raisi D.Vahobov, Biznes-ombudsman D.Qosimov, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari D.Adilov, “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi, Prezident huzuridagi Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha jamoatchilik kengashi a’zolari va boshqa mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Prezidentimizning joriy yil 23 yanvardagi “Tadbirkorlik sub’ektlarining barqarorlik reytingini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan soliqlarni o‘z vaqtida to‘lab, qonunchilik talablariga amal qilgan holda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlariga yanada qulay shart-sharoitlar yaratish va ularni rag‘batlantirish maqsadida “Tadbirkorlik sub’ektlarining barqarorlik reytingini” joriy etish belgilangan.

– Mamlakatimizda qurilish sanoatida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlari 34,5 mingtani tashkil etib, ushbu korxonalarda 417 mingdan ortiq aholi bandligi ta’minlangan, – deydi D.Vahobov – Birgina 2023 yilning o‘zida qurilish korxonalari tomonidan jami 150 trln. so‘mga yaqin qurilish ishlari amalga oshirilgan. Quvonarli jihati, qurilish sohasida bajarilgan ishlarning 70,4 foizi aynan iqtisodiyotda yangi ishlab chiqarish quvvatlari, turar-joy va boshqa ijtimoiy ob’ektlarga to‘g‘ri kelmoqda.
Uchrashuvda ta’kidlanganidek, qurilish sanoatidagi 34,5 mingta korxonaning 24,1 mingtasi qurilish, 10,4 mingtasi qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalarga to‘g‘ri keladi.
Tahlil qilinganda 10 947 ta korxonaga 1 nafar ishchi, 4 219 ta korxonaga 2 nafardan ishchi, 5 585 ta korxonaga 4-10 nafar ishchi xodim to‘g‘ri kelayotgani ma’lum bo‘ldi.

Tadbirkorlik reytingi soliq xizmati organlari yondashuvini o‘zgartiryapti.
Tadbirkorlarning barqarorlik reytingi faqat rag‘batlantirishga asoslangan. Tadbirda barqarorlik reytingi bo‘yicha tadbirkorlarga beriladigan imtiyoz va preferensiyalarni o‘z vaqtida qo‘llanilishi ustidan olib boriladigan nazorat, tadbirkorlik sub’ektlarining barqarorlik reytingini aniqlashda avtomatlashtirilgan platforma, shuningdek, mamlakatimizda qurilish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, tadbirkorlarning davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi natijadorligi va yechimini kutayotgan masalalar xususida so‘z yuritildi. Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 30 yanvardagi qarori bilan tasdiqlangan barqarorlik reytingi mezonlari mazmun-mohiyati xususida ma’lumot berildi.
Davlatimiz rahbarining yuqoridagi qaroriga muvofiq, O‘zbekistonda 2024 yil 1 fevraldan tadbirkorlar reytingi joriy etilib, yuqori reytingga ega tadbirkorlar rag‘batlantiriladi. Bunda reytingi past korxonalarga nisbatan jazo choralari qo‘llash nazarda tutilmagan.
Seminarda qayd etilishicha, agar tadbirkor “AAA” toifadagi reytingga ega bo‘lsa, soliq organlari tomonidan tekshirishlar o‘tkazilmaydi. QQSdan hosil bo‘lgan soliq summasi bir kunda qaytariladi (amaldagi muddat 7 kundan 30 kungacha). QQSdan boshqa soliq turlari bo‘yicha hosil bo‘lgan ortiqcha soliqlar summalarini uch kunda qaytarib berish (amalda 10 kundan 15 kungacha) yuzasidan qo‘shimcha preferensiyalar beriladi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA