O‘rmon fondi respublika umumiy yer maydonining 26,4 foizini tashkil etadi
Bugungi og‘ir ekologik vaziyatda yashil hududlarni kengaytirish, o‘rmon fondini ko‘paytirish eng asosiy yechimlardan biri hisoblanadi. Bu borada “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida ham respublikada o‘rmon bilan qoplangan maydonlarni 6,1 million gektarga yetkazish, daraxt va buta urug‘lari tayyorlashni 840 tonnaga oshirish maqsadlari ko‘zda tutilgan.

Bugungi kunda yurtimizdagi o‘rmon fondi yerlari 1 million gektarga kengayib, 11,9 million gektarni, ya’ni respublika umumiy yer maydonining 26,4 foizini tashkil etadi. 5 million 300 ming gektar maydon o‘rmonzor bilan qoplangan hudud hisoblanadi.
3,5 million gektar maydonning 2,2 million gektari tabiiy, 1,2 million gektari madaniy o‘rmonzorlardir.
O‘rmon xo‘jaligi agentligi tomonidan 2023 yilda 235 ming gektar maydonda o‘rmon barpo qilish va qayta tiklash tadbirlari bajarilgan. O‘rmon fondi yerlarining foydalanilmayotgan 7 ming 12 gektar maydoni o‘zlashtirilgan.
Orolbo‘yi hududlarining ekololik barqarorligini ta’minlash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumanida 127,8 ming gektar, Buxoro viloyatida 40,6 ming gektar, Navoiy viloyatida 43,7 ming gektar va Xorazm viloyatida 10,6 ming gektar maydonda saksovul va boshqa cho‘l o‘simliklaridan “yashil qoplamalar” barpo etilgan.
Bu haqda parlament quyi palatasidagi eshituvda O‘rmon xo‘jaligi agentligi direktori N.Bakirov ma’lum qildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA