O‘quv avtodromini jihozlashga doir qoidalar belgilandi

Adliya vazirligi tomonidan Avtomototransport vositalarida amaliy mashg‘ulotlar va imtihonlarni o‘tkazishga mo‘ljallangan o‘quv avtodromiga qo‘yiladigan talablar davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Ushbu talablarda avtomototransport vositalarida amaliy mashg‘ulotlarni va imtihonlarni o‘tkazishga mo‘ljallangan o‘quv avtodromi va uni jihozlashga doir qoidalar belgilandi.
Avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bilan shug‘ullanuvchi ta’lim tashkilotlari o‘quv avtodromidan haydovchilikka nomzodlar bilan amaliy mashg‘ulotlar va imtihonlarni o‘tkazish uchun foydalanadi.
Bundan tashqari, ushbu hujjatda o‘quv avtodromiga nisbatan ayrim talablar belgilandi. Unga ko‘ra, o‘quv avtodromida o‘lchami kamida 50×15 metr bo‘lgan maydoncha bo‘lishi zarur. Avtodromning yo‘llari asfalt yoki sement beton bilan qoplangan va suv to‘planib qolishining oldini olish imkonini beradigan holatda bo‘lishi kerak.
O‘quv avtodromining yo‘llari svetofor, yo‘l belgilari, yo‘l chiziqlari, tik balandlikka ko‘tarilish qurilmalari (estakada) bilan jihozlangan bo‘lishi lozim. O‘quv mashg‘ulotlarini masofadan nazorat qilish, haydovchilikka nomzodlarning xato va kamchiliklarini tahlil qilish uchun o‘quv avtodromi audio va videokuzatuv tizimi bilan jihozlanishi lozim.
O‘quv avtodromi unga begona shaxslar va hayvonlar kirishining oldini olish maqsadida 2 metrdan kam bo‘lmagan balandlikdagi devor yoki panjara (metall to‘siq) bilan jihozlangan bo‘lishi zarur.
O‘quv avtodromida haydovchilikka nomzodlar uchun qulay bo‘lgan joyda zarur ma’lumotlar keltirilgan axborot stendi yoki elektron monitor o‘rnatilishi joiz. Jumladan, o‘quv avtodromiga kirish va chiqish yo‘lining kengligi yengil avtomobillar va mototransport vositalari uchun 3 metrdan, yuk avtomobillari va avtobuslar uchun 4 metrdan kam bo‘lmasligi kerak.
O‘quv avtodromi hududida tungi yoritgichlar o‘rnatilgan, bino va inshootlar yong‘in xavfsizligi talablariga mos bo‘lishi talab etiladi. Shuningdek, hududda ichimlik suvi va hojatxona bo‘lishi shart.
N.Abduraimova, O‘zA