“Kiodo” agentligi Yaponiya poytaxti o‘t o‘chirish va tez yordam xizmati ma’lumotiga tayanib yozishicha, Tokioda qalin qor yog‘ishi ortidan 120 dan ziyod odam kasalxonaga tushgan. Ma’lum bo‘ldiki, jarohatlanganlarning aksariyati muzlama yo‘lda yiqilgan. Jabrlanganlar 4 yoshdan 92 yoshgacha ekani ta’kidlangan.
Noqulay ob-havo yuqori cho‘qqisidan ortga chekinayotganiga qaramay, 2 400 xonadon hamon elektr ta’minotiga ulanmagan. Xususan, Saytama, Kanagava, Yamanasi va Nagano prefekturalarida odamlar uyida chiroqsiz o‘tiribdi. Tokiodagi Xaneda aeroporti 30 dan oshiq reysni bekor qilishga majbur bo‘ldi. Qator avtomobil trassalari yopilgan, poyezd qatnovida ham uzilish kuzatilyapti.