IT sohasida xotin-qizlar imkoniyati kengaymoqda

322

Mamlakatimizda xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash, bilimini oshirish, bandligini ta’minlash, dunyoqarashini kengaytirish, qiziqish va layoqatiga qarab yo‘nalish tanlashiga ko‘maklashishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Bu borada xalqaro tashkilotlar tomonidan ham qator xayrli loyihalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) tomonidan O‘zbekistonda IT sohasida xotin-qizlar huquqi va imkoniyatini kengaytirishga qaratilgan ilg‘or tashabbuslar ommalashtirilmoqda.

Toshkentdagi IT Parkda bo‘lib o‘tgan navbatdagi shunday tadbirda USAIDning gender tenglik hamda xotin-qizlar huquqi va imkoniyatini kengaytirish bo‘yicha bosh muvofiqlashtiruvchisi Jamila Bigio, shuningdek “Tumaris.Tech” va “FoundHer” loyihalarining muvaffaqiyati hamda sektorda xotin-qizlar o‘rnini kuchaytirishga ta’sirini ko‘rsatish maqsadida IT Park, “Plug and Play” vakillari qatnashdi.

Anjumanda mamlakatimiz xotin-qizlari sohada erishayotgan yutuqlar, tegishli loyihalar natijasi namoyish etildi.

2020 yil iyunda IT Park tomonidan USAIDning tadbirkorlik va biznes muhitini rivojlantirish tashabbusi ko‘magida yo‘lga qo‘yilgan “Tumaris.Tech” axborot texnologiyalari sektorida tadbirkor xotin-qizlar imkoniyatini kengaytirish maqsadida ishlab chiqilgan innovatsion dastur hisoblanadi. O‘tgan ikki yil davomida loyiha nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyo davlatlaridan ham ishtirokchilarni jalb etib, 200 dan ziyod ayolni o‘qitish, 46 ta startap loyihani qo‘llab-quvvatlash va 50 xil texnologik mahsulotni ishga tushirish orqali faoliyati hududini kengaytirdi.

Xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirishga yo‘naltirilgan “FoundHer” tashabbusi esa yurtimizda istiqbolli biznes g‘oyalarini izlash bilan shug‘ullanib, olti oy davomida tarmoqni rivojlantirishga salmoqli hissa qo‘shdi. Loyiha Markaziy Osiyoda axborot texnologiyalari sohasida xotin-qizlar uchun teng shart-sharoit yaratishga ko‘maklashdi. Treninglar tashkil qilish, murabbiylarni shakllantirishga yordam berdi. Ishtirokchilar o‘tgan yil Kremniy vodiysiga safar uyushtirish, AQSHda o‘tgan Qishki sammitda ishtirok etish imkoniga ega bo‘ldi.

– Xotin-qizlar boshchiligida amalga oshirilayotgan ishlar samarasini tahlil qilarkanmiz, natija quvonarli ekanini ta’kidlashimiz kerak. – dedi Jamila Bigio xonim mazkur loyihalar yuzasidan fikr, mulohazasini bildirarkan. – Bu uchrashuv innovatsion yutuqlarimizni namoyish qilishi barobarida ayollar startapi ekotizimini rivojlanishtirishda ularning roli, qat’iyati, noodatiy fikrlashi va irodasini ham yaqqol ko‘rsatyapti. Innovatsiya va barqaror rivojlanishni rag‘batlantirishda gender xilma-xillikning ta’siri kuchli. O‘zbekistonda startap sohasida iqtidorli, yetakchilikka intiluvchi xotin-qizlar safi tobora kengayib borayotgani tahsinga loyiq.

Tadbir davomida sohada faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob oldi, yutuqlar e’tirof etilib, kamchiliklar tahlil qilindi.

Go‘zal Sattorova,

Rustam Nazarmatov (surat), O‘zA