O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov boshchiligida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Vazirlik markaziy apparati, hududiy boshqarmalar hamda tizimdagi tashkilotlar rahbariyati ishtirok etgan yig‘ilishda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida ijtimoiy sohalardagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ko‘tarilgan masalalar haqida so‘z bordi.

Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov keyingi yillarda mamlakatimizda madaniyat va san’atni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani, buning uchun zarur resurslar ajratilayotganini e’tirof etdi. Shu bilan birga, soha vakillari oldida turgan dolzarb vazifalar haqida batafsil to‘xtaldi.

Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda tizimdagi muammolar, ularni yuzaga keltirayotgan omillar, kamchiliklarni bartaraf etish uchun tizimdagi oddiy xodimdan tortib rahbarlargacha bir tan-u bir jon bo‘lib mehnat qilishi kerakligi ta’kidlandi.

Jumladan, 2024 yil davomida davlatimiz rahbari tomonidan berilgan topshiriqlarni o‘z vaqtida bajarish, ijro intizomiga amal qilish, hududlar kesimida “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish kabi qator masalalar muhokama qilinib, mas’ullarga bu borada talab qattiq bo‘lishi eslatildi, deyiladi tuzilma axborot xizmati xabarida.

N.Usmonova, O‘zA