Nukusda O‘zbekiston jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi tomonidan amalga oshirilayotgan “Ijtimoiy o‘zgarishlar davrida ommaviy axborot vositalarining o‘rni” loyihasi doirasida “Dinlararo va bir din ichidagi bag‘rikenglik masalalari” mavzusida muloqot tashkil etildi.

Tadbirda diniy konfessiyalar, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etdi.

Mazkur loyiha o‘tgan 2023 yilda boshlangan bo‘lib, unga Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Buxoro, Namangan, Farg‘ona, Xorazm viloyati va poytaxt Toshkent shahri tajriba tariqasida qamrab olingan edi. Loyihaning dastlabki bosqichida mazkur hududlarda faoliyat ko‘rsatayotgan jurnalistlar, blogerlar va fuqarolik jamiyati vakillari uchun diniy bag‘rikenglik masalalari bo‘yicha bilim va salohiyatni oshirishga qaratilgan seminar-treninglar o‘tkazildi.

Yanvar oyida Toshkent shahrida va bugun Nukus shahrida tashkil qilingan muloqotlarga tarixchi olim va ekspertlar ham jalb qilindi. Ishtirokchilar dinlararo munosabatlarning mohiyati hamda vazifalari, bu borada yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ziddiyatlar, ularni bartaraf etish  choralari  to‘g‘risida fikr va mulohazalar bildirdi. Al-Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti katta ilmiy xodimi, tarix fanlari nomzodi Baxtiyor Alimjonov, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi  Arxeologiya instituti  katta ilmiy xodimi Eldor Asanov qatnashchilarga dunyoviy davlatda diniy tashkilotlarning faoliyat yuritishi masalalari, muammolar va ularning yechimlari, dinlararo va bir din ichidagi munosabatlarda bag‘rikenglik tushunchasi, mamlakatimizdagi turli dinlar ildizlari, tarixi va bugungi kundagi rivojlanishi bo‘yicha ilmiy asoslangan ma’lumotlarni taqdim etdi.

– Muloqot turli dinga e’tiqod qiluvchilar bir davraga jamlanganligi bilan ahamiyatli bo‘lmoqda, – deydi loyiha media-treneri, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti dotsenti, filologiya fanlari doktori Nargis Qosimova. – Yurtimizda hukm surayotgan tinchlik, millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni asrash, uni keng targ‘ib qilishda ommaviy axborot vositalari, xususan jurnalistlar hamda blogerlardan yetarli bilim va tajriba talab etiladi.

Tadbir ishtirokchilari Nukus Muhammad ibn Ahmad Al-Beruniy o‘rta maxsus islom bilim yurti hamda Nukus shahridagi pravoslav xramiga tashrif buyurdi.

 

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat),  

O‘zA muxbirlari