O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Gidrometeorologiya xizmati agentligi faoliyatining samaradorligini oshirish, gidrologik kuzatuvlar tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga muvofiq, 2024-2026 yillarda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati agentligi gidrologik kuzatuv tarmog‘ini kengaytirish va avtomatlashtirish dasturi;

amaldagi gidrologik kuzatuvlar tarmog‘i moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va kuzatuv punktlarini jihozlash dasturi;

yangi tashkil etiladigan gidrologik kuzatuvlar tarmog‘ini jihozlash, bino va inshootlarini qurish dasturi tasdiqlandi.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi “Binolardan foydalanish va kapital qurilish direksiyasi” DUK ushbu qaror bilan tasdiqlangan dasturlar doirasida bino va inshootlarni qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash bo‘yicha buyurtmachi etib hisoblanadi.

Raqamli texnologiyalar vazirligi vazirlik huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi bilan birgalikda gidrologik ma’lumotlar bilan almashish uchun ma’lumotlar uzatishning yagona telekommunikatsiya tarmog‘ini yaratish dasturini ishlab chiqadi. Gidrometeorologik hodisalar xavfi yuqori bo‘lgan mintaqa va hududlarni prognozlash, monitoring qilish, kuzatish, baholash hamda aniqlash, shuningdek, aholini va hududlarni muhofaza qilish maqsadida muhandislik-texnik va boshqa chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha zarur ma’lumotlar taqdim etib boradi.

O‘zA