Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev raisligida 2023 yil 29 noyabr kuni qishloq xo‘jaligida suv resurslaridan oqilona foydalanish va suv yo‘qotishlarini kamaytirish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida bu borada bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab berilgan edi.

Ushbu topshiriq ijrosi yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2023/2024 yillarda 267,7 kilometr magistral kanallarni betonlash va rekonstruksiya qilish ishlarini bajarish belgilandi. Shundan respublika byudjet mablag‘lari hisobidan 119,3 kilometr uzunlikdagi 10 ob’ektda hamda qo‘shimcha 3 kilometr 1 ta ob’ektda betonlash ishlari amalga oshiriladi. Bundan tashqari, klaster va fermer xo‘jaliklari hisobidan 1000 kilometr ichki sug‘orish tarmoqlarini betonlashtirish olib boriladi.

Belgilangan rejaga ko‘ra, betonlashtiriladigan ichki ariqlar belgilanib, xo‘jaliklar kesimida xaritalar ishlab chiqildi. Betonlash ishlarida har bir tumanga mas’ul vakillar hamda loyihachi tashkilotlardan mas’ul xodimlar biriktirildi.

Birinchi bosqichda Nukus tumanidagi “Bo‘zatov” kanalining 18,6 kilometr qismida rekonstruksiya ishlari olib borilishi nazarda tutilgan. Umumiy uzunligi 46,7 kilometrni tashkil etadigan kanalning loyihaviy suv o‘tkazish qobiliyati sekundiga 52,2 metr kubni tashkil qilgan. Lekin, keyingi yillarda kanal loyqa bilan ko‘milib, natijada suv o‘tkazish darajasi sekundiga 26 metr kubga tushib, tub qismi 1,8-2,2 metrgacha loyqa bilan ko‘milib qolgan edi. Hozirga qadar pudratchi tashkilot – “Bunyodkor meros” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan kanalning 3,26 kilometr qismida tuproq ishlari bajarildi. Ob’ektdagi qurilish ishlariga jami 30 ga yaqin maxsus texnika hamda 36 nafar ishchi-xodim jalb qilingan.

Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA