Nukusda 10-sonli respublika ixtisoslashtirilgan “Nurli makon” maktab-internati o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan “Kim Brayl displeyini yaxshi o‘zlashtirdi?” mavzusidagi tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ta’kidlanganidek, Fuqarolik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash markazi Qoraqalpog‘iston hududiy bo‘limi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi huzuridagi Nodavlat notijorat  tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan e’lon qilingan 2023 yilgi davlat ijtimoiy buyurtmasi bo‘yicha 1-tanlovida “Ko‘zi ojiz insonlarning dunyoni o‘rganish imkoniyati” mavzusidagi loyihasi bilan ishtirok etib, g‘olib bo‘lgan edi.

Loyiha doirasida Fuqarolik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash markazi  Qoraqalpog‘iston hududiy bo‘limi tomonidan “Nurli makon” maktab-internatiga 4 dona Brayl displeyi uskunasi topshirildi. Keyin ushbu maktab-internatning 12 nafar o‘qituvchisi tajribali trenerlar yordamida ikki oy davomida o‘qitildi. O‘z navbatida, o‘qituvchilar o‘quvchilarga Brayl displeyida ishlash ko‘nikmalarini o‘rgatishdi. Maktab-internati o‘quvchilarining qiziqishini oshirish maqsadida loyiha doirasida “Kim Brayl displeyini yaxshi o‘zlashtirdi?” mavzusida tanlov e’lon qilindi. Mazkur tanlov o‘quvchilarda katta qiziqish o‘yg‘otdi.

Tanlov yakunida maktab-internat o‘quvchilaridan Kamila Ibadullayeva, Shamurat Keulimjayev birinchi, Gulzoda Mirzamuratova, Tozaboy Joldasov ikkinchi, Biybinoz O‘razboyeva hamda Ruslan Narxanov uchinchi o‘rinlarni egalladi.

G‘oliblar hamda sovrinli o‘rin egalariga tashkilotchilar tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.

–Tanlovni o‘tkazishdan maqsad ko‘zi ojiz o‘quvchilar uchun kompyuterdan erkin foydalanish hamda elektron kitoblarni o‘zganing yordamisiz mutolaa qilish imkoniyatini yaratish, ijtimoiy tarmoqlar orqali yangiliklardan xabardor bo‘lishini ta’minlashdan iborat, –deydi Fuqarolik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash markazi Qoraqalpog‘iston hududiy bo‘limi rahbari Gulsara Jollibekova. –Shuningdek, ularning kelgusida o‘z ustida ishlash orqali oliy o‘quv yurtlariga kirish va ilmiy ishlar bilan shug‘ullanishini qo‘llab-quvvatlashdir.

Tadbir ishtirokchilariga san’at ustalari hamda maktab–internat o‘quvchilarining konsert dasturi namoyish etildi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari