O‘zbekiston va Yevropa o‘rtasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlash, jumladan, nodavlat notijorat tashkilotlar, siyosiy partiyalar, diniy tashkilotlar va kasaba uyushmalari faoliyatlarini yanada rivojlantirish, huquq ustuvorligi sohalarida o‘zaro tajriba almashishga e’tibor qaratilmoqda.

Shu maqsadda O‘zbekiston delegasiyasi Italiyaga tashrif buyurdi.

Tashrif doirasida Italiya deputatlar palatasida O‘zbekiston delegasiyasi ishtirokida brifing tashkil etildi. Tadbirda Italiya tomonidan Parlament deputatlari hamda Tashqi ishlar vazirligi vakillari ishtirok etdi.

Tadbir davomida O‘zbekistonda keyingi yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, ayollarning ijtimoiy iqtisodiy munosabatlardagi rolini oshirish va boshqa sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar va erishilgan yutuqlar haqida ma’lumot berildi.

Adliya vaziri o‘rinbosari M.Ikromov yangilangan Konstitutsiya va “O‘zbekiston – 2030” Strategiyasiga asosan nodavlat va notijorat tashkilotlari hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish, vijdon erkinligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida to‘xtalib   o‘tdi.

Aytib o‘tish kerakki, Italiya ommaviy axborot vositalarida O‘zbekistonda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘tgan davr mobaynida 18  me’yoriy-huquqiy hujjat qabul qilingani, keyingi besh yilda nodavlat notijorat tashkilotlarining soni 3,5 mingga  ko‘paygani hamda ularning soni 9 ming 361 taga yetgani, shuningdek, vijdon erkinligi borasida amalga oshirilgan ijobiy o‘zgarishlar, natijada O‘zbekiston 2023 yilda AQSH Davlat departamenti tomonidan diniy erkinlik borasida ijobiy o‘zgarish qilmagan «Maxsus kuzatuvdagi mamlakatlar» ro‘yxatiga kiritilmagani  haqidagi ma’lumotlar yoritildi.

N.Abduraimova, O‘zA