Qatarda o‘tayotgan futbol bo‘yicha Osiyo kubogining yarim finalida Janubiy Koreya – Iordaniya, Qatar – Eron terma jamoalari o‘zaro raqobatlashadi.
Bugun, 6 fevral kuni Toshkent vaqti bilan 20:00 da “Ahmad bin Ali” stadionida yarim final bosqichi doirasida ilk uchrashuv o‘tkaziladi. Unda Janubiy Koreya – Iordaniya terma jamoalari final bosqichi yo‘llanmasi uchun maydonga tushadi.
Eslatib o‘tamiz, Iordaniya va Janubiy Koreya terma jamoalari mazkur musobaqada ikkinchi bor o‘zaro raqobatlashmoqda. Ushbu jamoalar guruh bahslarida ham o‘zaro to‘qnash kelgan va 2:2 hisobida durang qayd etilgan.
Ertaga, yarim final doirasida Eron va Qatar terma jamoalari o‘rtasida uchrashuv o‘tkaziladi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA